17:08 / 18.11.2016
23155

Shavkat Mirziyoyev: Turkiya yirik imkoniyatlarga ega va dunyo miqyosida katta hurmat qozongan davlat

Foto: Tccb.gov.tr

O‘zbekistonga 2 kunlik tashrif bilan kelgan Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida Samarqand shahridagi qarorgohda yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi. Qariyb 3 soat vaqt davom etgan uchrashuv vaqtida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash zarurligi haqida gapirdi va Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston rahbari sifatidagi ilk tashrifini Turkiyaga amalga oshirishidan mamnun bo‘lishini aytib o‘tdi.

Uning so‘zlaridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev ham ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning buguni va istiqboli haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat uchun shaxsan tashrif buyurib, marhumning xotirasiga hurmat bajo keltirganingiz uchun rahmat. Islom Karimov bugungi Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturk kabi mustaqil O‘zbekistonning bunyodkori edi.

Turkiya birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan davlat sanaladi. Biz buni hech qachon unutmaymiz», - deya qayd etgan Mirziyoyev. 

O‘zbekiston bosh vaziri bugun Turkiya yirik imkoniyatlarga ega va dunyo miqyosida katta hurmat qozongan davlat ekanini aytib o‘tgan.

«O‘zbek va turk xalqlari din, til, tarix va madaniy jihatdan bir-biriga juda yaqin. Turkiya ayni vaqtda yirik imkoniyatlarga ega va dunyo miqyosida katta hurmat qozongan davlat. Siz siyosat va hayotda katta tajribaga ega rahbarsiz. Turkiya sizning boshqaruvingizda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Turk xalqining sizga bo‘lgan tuganmas muhabbati meni ham hayron qoldirdi. Bu biz o‘gitga aylandi. 2023 yilda Turkiyani dunyoning rivojlangan davlatlar o‘ntaligiga kiritish dasturingiz hurmatga loyiq, albatta», degan bosh vazir.

Shundan so‘ng ikki mamlakat rahbari O‘zbekiston va Turkiya TIV rahbarlari Abdulaziz Komilov hamda Mavlud Chovusho‘g‘li ishtirokida muzokaralar boshlagan.

Top