Bugun qisqa tanaffusdan so‘ng Angliya premer-ligasining navbatdagi tur uchrashuvlariga start beriladi. chempionatning muntazam qarama-qarshiligiga aylangan Mourino - Venger to‘qnashuvi. London derbisi, peshqadamlarning mehmondagi o‘yinlari. Bir so‘z bilan aytganda dunyoning eng tomoshabop chempionati o‘ta qiziq bo‘lgan uchrashuvlarni bizga va'da qilmoqda. Tribuna.Uz sizlarga Angliyadagi uik-endning barcha uchrashuvlari anonsini taqdim qiladi.
19 noyabr. 17:30 Manchester Yunayted (6-o‘rin) - Arsenal (4-o‘rin)

Kecha haftaning markaziy uchrashuvlari haqidagi maqolada uchrashuvga batafsil to‘xtalib o‘tdik. 16 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Arsen Venger nobarqaror Mourinoni faoliyatida birinchi marta mag‘lub eta oladimi? Xullas bitta o‘yinning o‘zida g‘ich-g‘ich intriga.
20:00. Kristal Pelas(16) - Manchester Siti (3)

So‘nggi beshta uchrashuvda faqatgina bir marta g‘alaba qozongan «Manchester Siti» o‘ziga kelib olish uchun qisqa bo‘lsada tanaffusga ega bo‘ldi. Terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar payti Gvardiola yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha kerakli xulosalarni chiqarib olganmi yoki yo‘q buni bugun bilib olamiz.
Umuman «Manchester Siti»ning o‘yinida pasayish bo‘ldi deb aytib bo‘lmaydi. Jamoa mavsum boshida bo‘lgani kabi haliyam juda ko‘plab vaziyatlar yaratmoqda. Bitta o‘yinning o‘zida bir nechta taktikalar orqali raqiblariga tinchlik berayotgani yo‘q. Faqat so‘nggi uchrashuvlarda vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha oqsash kuzatilmoqda. Aynan mana shu jihat jamoaning kamida 4 ochko yo‘qotishiga sabab bo‘ldi. «Kristal Pelas»da esa ishlar pachava. Alan Pardyu jamoasi so‘nggi beshta uchrashuvning to‘rttasida imkoniyatni boy berdi va bir marta durang natija qayd etdi. 11 uchrashuvda 11 ochko to‘plagan jamoani xavfli zonadan faqatgina bir ochko ajratib turibdi. Favoritga qarshi o‘yinda jamoaning imkoniyatlari past baholanayotgan bo‘lsada, Pardyu shogirdlari o‘zlariga kelib olishlari uchun qanday qilib bo‘lsa ham, bu uchrashuvda ochko olishlari shart.
20:00. Everton (7) - Suonsi (19)
O‘tgan turda «Chelsi»dan qaqshatqich zarba qabul qilib olgan Ronald Kuman shogirdlari bu turda mavsumni juda bo‘sh o‘tkazayotgan «Suonsi»ga qarshi o‘tkazadi. «Suonsi» mavsum boshidayoq murabbiyni almashtirishga majbur bo‘ldi. Biroq aqshlik Bob Breydli ham hozircha jamoa o‘yinida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshira olmayapti. «Chelsi» bilan o‘ynda alamzada bo‘lib qolgan «Everton»ga qarshi o‘yin uelsliklar uchun yanada murakkab kechishi aniq. Jamoa to‘purari Romelu Lukakuning yuqori sport formasiga chiqqanini hisobga olib aytsak, Liverpulda yirik hisobdagi natijani kutishga haqlimiz. Yana kim biladi deysiz, axir bu yer Angliya!









