12:40 / 19.11.2016
30996

Erdo‘g‘an AQShdan ko‘ngli qolganini tan oldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an amerikalik hamkasbi Barak Obama va vitse-prezident Jo Baydenni Suriya muammosiga jiddiy yondashmaganlikda aybladi. 

Erdo‘g‘an CBS telekompaniyasining "60 daqiqa" dasturiga bergan intervyusida bayonot berishicha, Suriyada davom etayotgan urush Turkiya janubiy chegaralari xavfsizligiga rahna solmoqda hamda Anqaraning mudofaa imkoniyatlariga halaqit bermoqda. Bundan tashqari, bu urush Turkiyaga 3 million suriyalik qochqin kirib kelishiga sabab bo‘lgan. Bu Yevropadagi suriyalik qochqinlar sonidan 2 marta ko‘p demakdir.  

"Biz bu muammolarga mas'ulmiz. Biz bu masalalarni prezident Obama va vitse-prezident Bayden bilan muhokama qilganmiz. Ammo, ular vaziyatga yetarlicha e'tibor qaratishmadi. Bu biz uchun achinarli holatdir", —degan Erdo‘g‘an. 

U shuningdek, AQShning Suriya masalasi bo‘yicha egallagan qarashidan "ko‘ngli qolgan"ini ta'kidlagan. 

Shu bilan birga, Turkiya rahbari AQSh hukumatini Fathulloh Gulenni topshirmayotgani uchun ham tanqid qilgan. Rasmiy Anqara, Gulenni shu yilning 16 iyuliga o‘tar kechasi amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishda bosh aybdor va tashkilotchi deb baholaydi. 

Vashington rahbariyati, Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilish jarayoniga aralasholmasligini, buni mamlakat sudi hal qilishini ta'kidlab keladi.

Top