Umuman boshqa madaniyatga ega boy mamlakatga pul topish uchun borish jiddiy hayot sinovidir. Begona muhit bosimini hamma ham ko‘tara olmaydi. "Lenta.ru" nashri xorijda yashovchi rossiyalik yigit - Mixailning hikoyasini o‘quvchilar diqqatiga havola qildi. 

"2007 yilda men Yaroslavlda Pedagogika universitetini tugalladim. Aspiranturaga kirgach, Amerika hukumati tomonidan moliyalashtirilgan, yosh o‘qituvchilarga mo‘ljallangan Full Bright dasturida g‘olib bo‘ldim.

Men 4 yil Pensilvaniya shtatida yashadim. Indiana shahridagi universitetda rus tili o‘qituvchisining assistenti sifatida faoliyat olib bordim. Keyin 3 yil Vashingtonda yashab, marketing bilan shug‘ullandim. Vizani uzaytirish vaqti kelganda do‘stim bilan Dubayga ko‘chib o‘tishga qaror qildim. 

BAA haqida hech narsa bilmas edim. Do‘stim menga shunday variantni taklif qildi - u O‘zbekistonga, men esa Rossiyaga qaytishni istamasdik. Internetdagi ma'lumotlarni o‘rganib, sayyohlik vizasi bo‘yicha bir oyga mahalliy muhitni o‘rganishga bordik. BAAga kelgach, bo‘sh ish o‘rinlarini ko‘rib chiqdik va mana to‘rt yildirki shu yerdamiz. 

Bu yerga ko‘pchilik dastlab sayyoh sifatida kelib, keyinchalik ish topishadi. 2-3 yilga ishchi vizani ochish oson - tibbiy tahlillarni topshirgach, ikki haftada tayyor bo‘ladi. Do‘stim taqinchoqlar do‘koniga joylashdi, men esa yarim yildan keyin qo‘shni amirlik - Sharjada joylashgan rus-ukrain aviatsiya kompaniyasiga tarjimon bo‘lib ishga kirdim. Mamlakatda yetti amirlik mavjud, Sharja ham eng mashhur uch amirlikning biri hisoblanadi. Dubay va Abu Dabi islom madaniyatiga ega bo‘lsa-da, biroq yetarlicha ochiq shaharlar. Sharja esa - amirliklar orasida o‘zining qat'iy qoidalari bilan ajralib turadi, bu yerda spirtli ichimliklar va hattoki chilim yo‘q.  

Men ishga joylashgan firma MI-8 vertolyotlariga xizmat ko‘rsatish va ularni ta'mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. Xodimlarning bir qismi - MDH davlatlaridan. Hujjatlarning yarmi - ingliz tilida edi va men ularni tarjima qilardim. 

Kompaniya BAAda joylashgan bo‘lsa-da, u yerda ham buyruqbozlik, maoshlarni vaqtida bermaslik va noprofessional yondashuvga duch keldik. Men xavfsizlik va sifat nazorati bo‘limi xodimi edim, shu bois xatolar uchun javobgarlik mening zimmamga ham tushishi mumkin edi. Xavf-xatarlarni hisobga olib, bu yerdan ketishga qaror qildim.