O‘zbekiston Respublikasida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, oliy o‘quv yurtlariga to‘lov-shartnoma shakli asosida o‘qishga kirgan talabalarga “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati moddiy yordam ko‘rsatib kelar edi. Endilikda, mazkur yordamni ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartish va tuzatishlar kiritildi, deb xabar qilmoqda “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati matbuot xizmati. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligining 2016 yil 26 sentabrdagi 73, 4-2016-son qo‘shma qaroriga muvofiq, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va oliy ta'lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish Qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 31 oktabrdagi PQ–213-son “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish shartlari va tartibini belgilaydi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar joriy o‘qish yilida Harakatning oliy ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Harakat tomonidan moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lishar edilar.

Talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishning yangi tartibiga ko‘ra, har yili 1 fevraldan kechikmasdan oliy ta'lim muassasasi Harakatning oliy ta'lim muassasasidagi boshlang‘ich tashkiloti Kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan va oliy ta'lim muassasasiga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning (bundan buyon matnda talabalar deb yuritiladi) ro‘yxatini, shuningdek, ularning o‘zlashtirishi va intizomi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim qiladi.