Sport | 09:32 / 22.11.2016
15777
3 daqiqa o‘qiladi

WADA rahbarlari Rossiyani qaytarish usullarini “yashirincha” muhokama qilishdi

Butunjahon dopingga qarshi kurash agentligi rahbari Kreyg Ridi va bosh direktori Oliver Niggli Rossiyaning tashkilotdagi taqdirini muhokama qilishdi. Suhbat Shotlandiyaning Glazgo shahrida, WADA muassislari yig‘ilishi so‘nggida bo‘lib o‘tgan, deb xabar qilmoqda RT telekanali.

Bu suhbatning o‘ziga xos jihati, ikki yuqori lavozimli mulozimning muloqoti “yashirincha” bo‘lib o‘tganidadir. Majlis tugaganidan so‘ng, Kreyg Ridi va Oliver Niggli qarshisida turgan mikrofonlarni o‘chirishni unutib, suhbatlarini davom ettirishgan. Bosh direktor Ridining Rossiya bilan hamkorlik borasida qarashini bilishga qiziqqan. Shundan so‘ng, dopingga qarshi kurash xalkaro agentligi rahbarlari o‘rtasida quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tgan:
 
Niggli: Biz Rossiya bilan ishlayotganimizni ma'lum qilsak to‘g‘ri bo‘lar edi. Ammo, biz ularni qaytarish uchun shoshayotgandek taassurot uyg‘otmasligimiz kerak. 

Ridi: Albatta, albatta.  

Niggli: O‘ylaymanki, biz biroz kutishimiz kerak, (…) biz ularning safimizga qaytishini xohlaymiz. Ammo istalgan shartlarda emas. Bu borada ehtiyotkor bo‘lamiz. 

Ridi: Ha, men Smirnovga kuchliroq turtki berishim mumkin. 

Niggli: Ha, lekin juda ham emas... 

Ridi: Betaraf o‘rinni egallaymiz.

Niggli: Ular qaytishmasa, unchalik ham xafa bo‘lmaymiz. Biroq, hammasini to‘g‘ri bajarsak, ular qaytishlari mumkin. Biz IAAF (Xalqaro yengil atletika federatsiyasi) va IPC (Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi) bilan bu masalada ishlayapmiz. 

Eslatib o‘tamiz, 2015 yil noyabrida WADA’ning mustaqil komissiyasi Rossiya yengil atletikasidagi doping bilan bog‘liq ishlar yuzasidan surishtiruv olib borgan edi. Uning hisoboti Rossiya yengil atletika terma jamoasini barcha xalqaro o‘yinlardan chetlatishga sabab bo‘lgandi. Rossiya dopingga qarshi agentligi (RUSADA) faoliyati esa WADA intizomiga mos kelmasligi ta'kidlangandi. 

2016 yilning 18 iyulida Butunjahon dopingga qarshi kurash agentligi maxsus komissiyasi rahbari Richard Maklaren 2014 yilgi Sochi Olimpiadasida dopingga qarshi qoidabuzarliklarga oid tekshiruv natijalarini e'lon qilgach, XOQ Rossiya yengil atletika va og‘ir atletika terma jamoalarini Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlariga kiritmagandi. Keyinroq, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya paralimpiya termasini butunlay diskvalifikatsiya qilishga qaror qilgan edi. 

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid