16:52 / 23.11.2016
5011

Erdo‘g‘an: Yevroparlamentda Turkiyaning YeIga a'zoligi borasida ovoz berish hech qanday ahamiyatga ega emas

© AP Photo

Yevroparlamentning Turkiyani Yevropa Ittifoqiga kirish masalasidagi muzokaralarni to‘xtatish haqidagi ehtimoliy qarori Anqara uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

“Ertaga Yevroparlament Turkiyani YeIga kirish bo‘yicha muzokaralarni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish uchun ovoz beradi. Men avvaldan aytaman: kim qanday xohlasa shunday ovoz bersin, biz uchun bu hech qanday qiymatga ega emas. Mamlakatimiz kelajagi va ozodlik uchun kurash u yerda qo‘l ko‘tarilishi yoki tushishi sabab to‘xtamaydi”, - dedi Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkilotining iqtisodiy va savdo hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasining Istanbuldagi sessiyasidagi chiqishida. 

Yevrokomissiya (YeK) noyabr oyi boshidagi Turkiyaning YeIga kirish jarayoni haqida taqdim etgan yillik hisobotda Anqaraning fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va so‘z erkinligi sohalaridagi siyosatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida urg‘u berib, davlatning qonunchilikni YeI normalariga mos keltirish borasidagi harakatlarini yetarli emas, deb baholadi.

O‘shanda YeIning diplomatiya rahbari Federika Mogerini barcha 28 davlat nomidan Turkiyadagi hodisalardan jiddiy xavotirda ekanini bildirgandi. Gap o‘lim jazosini ehtimoliy tiklanishi, OAV va so‘z erkinligini cheklash, shuningdek turk parlamentining xalqlar demokratiyasi Partiyasidan bo‘lgan a'zolarini hibsga olinishi haqida ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, YeI (1993 yilga qadar – Yevropa iqtisodiy hamjamiyati) va Turkiya o‘rtasidagi assotsiatsiya haqida kelishuv 1963 yilda imzolangan. Anqara 1987 yilda a'zolikka kirish to‘g‘risida talabnoma yo‘llagan. Faqatgina 2005 yilda boshlangan muzokaralar bir necha marotaba turli kelishmovchiliklar sabab murakkablashib borgan. Bu ularning vaqtinchalik to‘xtatilishiga olib keldi. Ayni damda 35ta rahbardan 16tasi muzokaralar masalasi uchun ochiq. 2016 yilning martida YeI a'zo-davlatlar rahbarlari muzokaralarni Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga muhojirlarni o‘z hududi orqali kelishini qisqartirishiga harakat qilishi evaziga faollashtirishga rozi bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top