Sport | 18:47 / 23.11.2016
9996
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chempionatining 2016 yilgi mavsumi yakunlandi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 2016 yilgi mavsumiga rasman yakun yasaldi. Bugun 30 tur doirasida yana 3ta uchrashuv o‘tkazildi.

Mamlakat chempionligini bir tur avval qo‘lga kiritgan Toshkentning «Lokomotiv» klubi o‘zi uchun hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda «Bunyodkor»ga qarshi maydonga chiqdi va bu uchrashuvda ham zafar quchdi.

Turning yana 1 uchrashuvi Qashqadaryoda o‘tkazildi.

«Nasaf» o‘z maydonida «Mash'al»ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari hisobidagi ochkolar soni 63ta, to‘plar nisbatiga ko‘ra «Nasaf» yuqorida joylashgan bo‘lsada, turnir qoidasiga ko‘ra, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik toshkentliklarga turnir jadvalining ikkinchi pog‘onasida chempionatni yakunlash imkonini berdi. «Nasaf» o‘z tarixida o‘ninchi marta bronza medallariga ega chiqdi. «Mash'al» esa 38 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni band etdi.

Qayd etish kerakki, mazkur g‘alaba qarshiliklarning o‘z tarixidagi 330-g‘alabasi bo‘ldi.

«Sho‘rtan» safarda «Buxoro»ga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilgan Shavkat Salomov «Buxoro»ning 1000-goli muallifiga aylandi.

«Buxoro» 58 ochko jamg‘argan holda mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunladi, «Sho‘rtan» 38 ochkosi bilan to‘qqizinchi o‘rinda.

Bundan avvalroq, «Andijon» mavsumni oxirgi o‘rinda yakunlab, ligani tark etgani ma'lum bo‘lgandi. Namanganning «Navbahor» jamoasi esa 15-o‘rinni egallagan va quyi liganing ikkinchi o‘rin sohibi bilan o‘tish o‘yinida bellashadi. Bu Namangan viloyatining boshqa bir vakili «Norin» jamoasi bo‘ladi.

Quyi ligada birinchi o‘rinni egallagan Samarqandning «Dinamo» jamoasi keyingi mavsumni Oliy ligada o‘tkazadi.

Ushbu mavsum Oliy Ligada debyut qilgan Toshkentning «Obod» jamoasi so‘nggi turlarni ishonchli tarzda o‘tkazib, musobaqada jon saqlab qolish vazifasini uddaladi.

Avvalgi mavsum chempioni – «Paxtakor» esa ushbu mavsumda 5-o‘rin bilan kifoyalandi.

Oliy Liga to‘purarlari bahsida esa «Lokomotiv» hujumchisi – Temurxo‘ja Abduxoliqov 22 golga mualliflik qilgan holda barcha raqiblarini ortda qoldirdi. 

Endilikda O‘zbekiston kubogi g‘olibini aniqlash qoldi.

26 noyabr kuni «Bunyodkor» va «Lokomotiv» O‘zbekiston Kubogi yarim finalining javob o‘yinida maydonga tushadi. «Lokomotiv» stadionida o‘tgan birinchi bellashuv «temiryo‘lchilar»ning minimal hisobdagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi.

Bu juftlik g‘olibi Qarshining «Nasaf» klubiga raqib bo‘ladi. Final 30 noyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston Oliy Ligasi
30-tur bellashuvlari
23 noyabr, chorshanba

«Bunyodkor» — «Lokomotiv» 0:1
Gol: Sardor Mirzayev, 75 (0:1).

«Nasaf» — «Mash'al» 2:0
Gollar: Bobir Abdixoliqov, 20 (1:0). Sharof Muhitdinov, 77 (2:0).

«Buxoro» — «Sho‘rtan» 3:1
Gollar: Ma'rufxon Murodov, 29 (0:1). Aziz Ibragimov, 30 (1:1). Vadim Chemirtan, 44 (2:1). Shavkat Salomov, 55 (2:1).
Chetlatish: Igor Taran, 68 (Sh).

Mavzuga oid