Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to‘liq holda «Toshkent oqshomi» gazetasida chop etilgan.

Jamoat transportini rivojlantirish masalalari. Poytaxtimizda jamoat transportidan foydalanish masalasi bugungi kunda dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bu borada avtobus, metro va boshqa turdagi jamoat transportlarining faoliyatini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqqan holda, kelgusi 5 yilda umumiy qiymati qariyb 390 milliard so‘m bo‘lgan 4 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shaharda serqatnov, tirband hududlar bo‘yicha 80 ta yangi avtobus yo‘nalishi tashkil etiladi. Har yili katta va o‘rta sig‘imdagi 100 ta avtobus xarid qilinadi. Bu maqsadlarga mahalliy byudjyet hisobidan 335 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yengil avtomobil haydovchilariga qulaylik yaratish maqsadida shaharning Mirzo Ulug‘bek, Sirg‘ali va Yashnobod tumanlarida 4 ta ko‘p qavatli avtogarajlarni qurish ishlari boshlab yuborildi. Shunday garajlarni barpo etish maqsadida kelgusi 5 yilda yana 84 ta loyiha amalga oshiriladi.

Misol uchun, Sirg‘ali tumanining “Sirg‘ali-6” mavzesida joylashgan 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli avtogaraj qurilishiga jami 7,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, u 2017 yilda ishga tushiriladi.

Toshkent metrosi qurilishini davom ettirish yuzasidan 2017-2020 yillarda umumiy qiymati 295 million dollar davlat byudjyeti, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan uzunligi 10 kilometrdan iborat 8 ta stansiyani o‘z ichiga olgan 2 ta loyihani ishlab chiqish ta'minlanadi.

Shaharning halqa yo‘li bo‘ylab uzunligi 66,3 kilometr bo‘lgan temir yo‘l transport vositasini – ya'ni, elektrichkani yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq loyiha amalga oshiriladi. Bu loyihani 2017-2030 yillarda amalga oshirish uchun davlat byudjyeti va mahalliy byudjyetlar hisobidan 189 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

Toshkent shahri aeroportida 2019-2020 yillarda yangi xalqaro terminal qurilishi amalga oshiriladi. Buning uchun davlat byudjyeti, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 336 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yo‘l va yo‘l o‘tkazgichlar tarmoqlarini rivojlantirish masalalari.

So‘nggi vaqtda yangi keng avtomobil yo‘llari va ko‘priklar, chorrahalar barpo etilgani poytaxtimiz yo‘llarida qatnovni bir maromda ta'minlash imkonini bermoqda.