Fan-texnika | 19:28 / 28.11.2016
4847
2 daqiqa o‘qiladi

Diabetiklarga yordam beruvchi antiqa paypoqlar yaratildi

Foto: techcrunch.com

Tibbiy vositalar ishlab chiqaruvchi Siren Care startapi diabetiklarga (qand kasalligidan aziyat chekuvchilar) tanada yallig‘lanish borligini aniqlash  uchun harorat datchiklaridan foydalanuvchi paypoqlar yaratdi. Bu haqda Tech Crunch xabar bermoqda

Birinchi va ikkinchi turdagi qand diabetiga yo‘liqqan bemorlar yallig‘lanish va tovonning shishiga moyillar, bu esa muammo ilk bosqichlarida aniqlanmasa, jiddiy asoratlarga, hattoki amputatsiyaga olib kelishi mumkin. Siren Care "aqlli" paypoqlariga o‘rnatilgan sensorlar tana haroratini aniqlab, yallig‘lanish qayerda avj olayotganini bilishga yordam beradi. Barcha yig‘ilgan ma'lumot smartfonga jo‘natiladi.

Har bir paypoq batareyaga ega, uning quvvati yarim yil uzluksiz ishlashga yetadi, shuning uchun uni quvvatlab turishga hojat yo‘q. Ushbu texnologiya yaratuvchilari paypoqlarga boshqa, jumladan tanadagi suyuqlik miqdori va qon bosimini nazorat qiluvchi datchiklarni o‘rnatishmoqchi.