O‘zbekiston | 17:12 / 29.11.2016
33950
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va O‘zbekiston harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish shartnomasini imzoladi (Video)

Foto: mil.ru

O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-polkovnik Qobul Berdiyev va Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish shartnomasini imzoladilar. Bundan tashqari, ikki harbiy idoralar o‘rtasida 2017 yilga mo‘ljallangan reja ham vazirlar tomonidan tasdiqlangan, deb xabar qilmoqda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi. 

"Bugun ushbu hujjatning imzolanishi sizning mamlakatingiz Qurolli kuchlarini jihozlash masalalarini zudlik bilan hal etish va ularning jangovar salohiyatini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mudofaa idoralarimizning hamkorligini faollashtirish hamda unga amaliy tus berishga harakat qilmoqdamiz", - degan Rossiya mudofaa vaziri. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi galda, Rossiya va O‘zbekiston harbiy xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qo‘shma anjumanlar, ikki davlat Qurolli kuchlari harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlikka tegishlidir. 

"Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan bugungi kundagi mavjud tahdidlar va chaqiriqlar, ularga barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishga undaydi. Bizning mamlakatlarimizga terrorchi-jangarilarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim masaladir", - deb ta'kidlagan Sergey Shoygu. 

Bundan tashqari, vazirning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Qurolli kuchlarini 2020 yilgacha Rossiyaning zamonaviy qurol-aslahalari va harbiy texnikalari bilan qayta jihozlash va modernizatsiya qilish dasturi ham amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid