O‘zbekiston | 22:21 / 29.11.2016
29278
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hozircha Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmasligi ma'lum qilindi

O‘zbekiston sobiq ittifoq hududida iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishini e'tibor bilan kuzatishda davom etadi, biroq hozircha Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Bojxona ittifoqiga kirishni o‘ziga foydali deb hisoblamaydi, deb aytdi O‘zbekiston tashqi aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganov. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

"O‘zbekiston birinchi navbatda bizning manfaatlarni hisobga olgan holda u yoki bu integratsion tashkilotlar, tuzilmalar a'zosi hisoblanadi. Birinchi asosiy ustuvor vazifa biz O‘zbekistonda qaror qabul qilinishiga ta'sir qiladigan biror tuzilmaga ega bo‘lmasligimizdir. Biz erkin savdo hududi, MDH a'zosi hisoblanamiz. Bu barcha kelishuvlar bizga normal savdo va boshqa munosabatlarni olib borishga imkon beradi. Bizning mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganishlar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Bojxona ittifoqida a'zolik O‘zbekistonga ustunliklar bermasligi yoki aksincha, qandaydir pozitsiyalar bo‘yicha bizni cheklashi mumkinligini ko‘rsatdi", deb tushuntirdi To‘laganov.

"Bu integratsion tuzilmalarning rivojlanishini e'tibor bilan kuzatamiz. Agar biz uchun iqtisodiy tomondan hech qanday qiyinchiliklar yoki cheklashlar bo‘lmaydi, deb hisoblasak, unda bu tuzilmalarga kirish masalasini ko‘rib chiqamiz. Biroq bugungi kunda bizda bu borada aniq yo‘nalish, qaror bor va biz hozircha qandaydir yangi integratsion tuzilmalarga kirishni rejalashtirmayapmiz", deb qo‘shimcha qildi To‘laganov.

To‘laganovning fikricha, bu siyosat 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovlaridan keyin ham davom ettiriladi.

"Prezidentlikka nomzodlar tashqi siyosat, tashqi iqtisodiyotdagi asosiy yo‘nalish bizning birinchi prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga asoslanishini aytib o‘tdilar", deb ta'kidlab o‘tdi To‘laganov.

 

Mavzuga oid