13:49 / 30.11.2016
6070

Namanganda giyohvand moddalar savdosi bilan qo‘lga tushganlar uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: ZN.ua

Izzat G‘aybullayev va Sardor Masharipovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ikkisi ham muqaddam jinoyat sodir etib, sudlanganliklariga qaramay, yana jinoyatga qo‘l urishdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

2015 yilning boshlarida I. G‘aybullayev Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi Shokir ismli shaxs bilan tanishib qoldi. Tanishi unga giyohvand moddalarni chegaradan olib o‘tib berishga va'da berdi. I. G‘aybullayev esa ularni pullashga ahd qildi. Ana shunday kunlarning birida u Sardor Masharipovni uchratdi. U g‘iyohvand moddalarni uning yordamida sotishga kirishdi.

2015 yilning 14 sentabr kuni I. G‘aybullayev Ravshan ismli shaxs orqali Shokirdan 3500 AQSh dollari evaziga 1 kg. 264 gramm “gashish” giyohvand moddasini sotib oldi. 500 gramini Sardor Masharipovga sotish uchun berdi. 
Ammo Sardor Masharipov Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori” hududida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi va “mol”larni kimdan olganligini aytib berdi.

I. G‘aybullayevning shaxsiy avtomobili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, mashinaning tom qismidan 2 bo‘lakdagi 757,18 gramm, hujjatlar saqlanadigan qutidan esa 3,12 gramm, avtomashina old o‘rindig‘idan 2,53 gramm “gashish” topildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi I.G‘aybullayev va S.Masharipovni o‘n uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

 

Top