17:27 / 01.12.2016
6838

Binali Yildirim: Biz YeIni himoya qilishga majbur emasmiz

Foto: AP

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirimning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati YeIni mintaqaviy tahdidlardan muhofaza qilishga majbur emas, Anqaraning esa sabr kosasi to‘lmoqda. 

"Turkiya Yevropaning mintaqaviy tahdidlar qarshisidagi eng yirik kafolatidir. Agar biz so‘nggi besh-olti yilda ana shu tahdidlarga qarshi turmaganimizda, Yevropa ularga qarshi turolmagan bo‘lar edi. Ammo sabrimizning ham chegarasi bor. Biz Yevropani mintaqadan kelib chiqayotgan xatarlardan doimo himoya qilishga majbur emasmiz", — degan Yildirim, Turkiya sanoatchilari va tadbirkorlari Assotsiatsiyasining Anqarada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida. Uning so‘zlarini Anadolu agentligi keltirgan.

Turkiya hukumati rahbari shuningdek, Yevropada islomofobiya va ksenofobiya holatlari kuchayib borayotganidan xavotirlarini bildirgan. 

"Yevropada irqiy kayfiyatlar kuchayib bormoqda o‘ng kuchlar o‘z o‘rinlarini mustahkamlamoqda. 2017 yilda Yevropaning besh davlatida saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu noaniqlik mavjudligini ko‘rsatadi", — deb qo‘shimcha qilgan Yildirim. 

Ma'lumki, Turkiya o‘tgan asrning o‘rtalaridan YeIga a'zo bo‘lish uchun muzokaralar olib boradi. Shu yilning mart oyida YeI mamlakatlari va Anqara muhojirlik inqiroziga barham berish bo‘yicha qo‘shma rejani tasdiqlashdi. Unga ko‘ra, Gretsiyaga Turkiya hududidan kelgan barcha noqonuniy muhojirlarni Turkiyaga qaytarish, suriyalik qonuniy muhojirlarni "birga bir" qoidasi asosida qabul qilishni nazarda tutadi.

Ushbu kelishuvlar doirasida, YeI turk fuqarolari uchun viza cheklovlarini bekor qilishi kerak edi. Buning uchun, Anqara tashkilotning vizalarni bekor qilish bo‘yicha boshqa talablarini ham o‘rinlatishi lozim edi. 

Mavzuga oid
Top