10:32 / 01.12.2016
10075

Kollej talabalaridan tuzilgan jinoiy guruh Toshkentdagi avtomashinalarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullandi

Foto: © Getty Images

Kollej talabasi bo‘lgan Dilyor O‘lmasov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tanishlari Rasul va Javlon bilan qarovsiz qoldirilgan avtomashinalarga bir necha bor “ov” uyushtirishadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

O‘zaro tuzilgan jinoiy rejaga binoan ular Sergeli tumanidagi 7-mavzeda qarovsiz qoldirilgan “Spark” rusumli avtomashinaning davlat raqamini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinadilar. So‘ngra, soat tungi birlarda Sputnik 16-mavzeida qarovsiz qoldirilgan “Matiz” rusumli avtomashinaning oynasini sindirib, haydab ketishadi. Olib qochilgan avtomashinaga “Spark” avtomashinasining davlat raqamini taqib olishadi.

Mashinani Chirchiq daryosi sohili bo‘yiga boshqarib borgan “ovchi”lar, avtomashinadan narxi jami 530 AQSh dollarlik turli ashyolarni o‘g‘irlab, o‘zini pastlikka itarib yuboradilar.

Oradan bir necha kun o‘tib, avvalgidek, Sputnik 9-mavzeida qarovsiz qoldirilgan “Matiz best” rusumli mashinaning davlat raqamini o‘g‘irlashadi. Va shu kuni tunggi soat 01:00larda, Sergeli 2-mavzeida qarovsiz qoldirilgan “Neksiya-Dons” rusumli avtomashinaning oynasini sindirish yo‘li bilan ochib, haydab ketishadi. Unga “Matiz best” rusumli avtomashinaning davlat raqamini o‘rnatib, Zangiota tumani Sohilbo‘yi ko‘chasiga boshqarib borib, avtomashina salonidan o‘zlariga kerakli buyumlarni olib, avtomashinani o‘sha yerda qoldirib, o‘zlari voqea joyidan yashirinadilar.

Jinoiy guruh tomonidan, shuningdek, Qo‘yliq 5-dahasidan “Kobalt” rusumli mashina ichidagi 1 mln, 500 ming so‘mlik buyumlari bilan, Qushbegi dahasidan “Neksiya”, Sergeli 4-mavzeidan “Neksiya-dons”, Chilonzor 17-mavzeidan “Spark” rusumli avtomashinalar ham yuqorida keltirib o‘tilgan usullar bilan o‘g‘irlab ketiladi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi Dilyor O‘lmasovga 11 yil, Rasul Tolipovga 12 yil, Javlon Xoliyevga 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, hukm chiqardi.
 

Top