10:54 / 02.12.2016
6864

Florentino Peres «El-klasiko»ning ahamiyati haqida gapirdi

Foto: ABC

Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres «Barselona»ga qarshi o‘yin oldidan bu qarama-qarshilikning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

«El-klasiko» — oddiy o‘yin, deb ayta olmayman. Bu juda muhim, ahamiyati yuqori bo‘lgan o‘yin. Bu uchrashuv xalqaro ahamiyatga ega, uni xuddi jahon chempionati finalidek dunyoning yuz millionlab muxlislari tomosha qilishadi. Ispaniyaning ikki jamoasi shunday qiziqishni yuzaga keltira olgani aqlbovar qilmas holatdir.

Albatta, Barselonada g‘alaba qozonsak, bu juda yoqimli ish bo‘lardi va bu juda muhim — navbatdagi 3 ochko biz bu mavsumda yutmoqchi bo‘layotgan La-ligadagi o‘rnimizni yanada mustahkamlaydi.

Zidan jamoani qabul qilib olganidan keyin deyarli 1 yil vaqt o‘tdi. U bor-yo‘g‘i, chempionatda va Chempionlar ligasida bittadan o‘yinda yutqazdi. 

Men har doim aytib kelganman, Zidan futbolchi sifatida klub tarixini o‘zgartira olgan, endi esa u murabbiy sifatida jamoa hayotini o‘zgartirmoqda. Zidan professionallik nuqtai nazaridan yaxshi ish olib bormoqda. Zidanning jamoada obro‘si bor — futbolchilar uni hurmat qilishadi. 

Biz Chempionlar ligasi, UYeFA superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan holda, 2014 yilgi yutuqlarimizni takrorlashni istaymiz. Bu bizning hozirgi kundagi eng asosiy maqsadimiz. Agar sovrinlar yuta olsak, bu jamoa uchun yaxshi bo‘ladi, chunki biz yuz yillikning eng yaxshi klubi bo‘lishni istaymiz.

Hozir mavsumning eng asosiy sovrini yo‘lidamiz. Jamoa ketma-ket 32ta o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti. Mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasi davom etadi, deb o‘ylayman. Chunki Zidan va futbolchilarni yaxshi bilaman — ular to‘g‘ri yo‘ldan ketishmoqda», - deya Peresning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Marca nashri.

Mavzuga oid
Top