10:00 / 02.12.2016
3428

Seulda O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi 

Inxa universitetida (Koreya Respublikasi) oldinda turgan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir chog‘ida ushbu muhim siyosiy voqeaga tayyorgarlik jarayonlari, siyosiy partiyalardan davlat rahbari lavozimiga ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqidagi atroflicha ma'lumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, respublikamizda butun saylov jarayonini tartibga soladigan, xalqaro andozalarga mos salmoqli me'yoriy-huquqiy zamin yaratilganiga alohida e'tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, bu sohada qabul qilingan barcha qonunchilik hujjatlari adolat, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga muvofiq ravishda fuqarolarning saylov huquqlariga qat'iy rioya etilishiga, saylovchilarga o‘z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan. 

Tadbir chog‘ida taqdim etilgan ma'lumotlar ishtirokchilarda kuchli qiziqish uyg‘otdi. Ular O‘zbekistonda saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga, jumladan, Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi va mustaqilligini mustahkamlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlarga ijobiy baho berdilar.

Masalan, Inxa universiteti professori Song Dong Ki bo‘lib o‘tgan taqdimot axborotga boy va mazmundorligi bois O‘zbekistondagi saylovoldi kampaniyasi to‘g‘risida atroflicha tasavvur berganini ta'kidladi. Uning e'tirof etishicha, mamlakatimiz saylovlarni yuksak darajada tashkil qilish yuzasidan katta tajribaga ega. “Shu bois oldinda turgan saylovlar fuqarolarning yuqori darajadagi faolligi ostida o‘tishiga ishonchim komil”, dedi u.

O‘z navbatida, Seul Milliy universitetining Osiyo mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi direktori Kang Myung Gu ham respublikamizda Prezident saylovi adolatlilik va xolislikka asoslangan holda o‘tajagiga amin ekanligini aytdi.

“Ushbu muhim siyosiy voqea arafasida saylovlarda shaffoflikni ta'minlash yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Siyosiy partiyalardan davlat rahbari lavozimiga ilgari surilgan nomzodlarning barchasiga saylovoldi tashviqotini olib borishlari, jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlar taqdim etildi. Saylov jarayonida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi O‘zbekistonning umum e'tirof etilgan demokratik me'yorlarga sodiqligini namoyon qilishi barobarida siyosiy tizim barqarorligi mustahkamlanishiga ko‘maklashadi”, dedi ekspert.

Kemyon universiteti Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetining professori, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Chon De Van oldinda turgan saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lganidan g‘oyat mamnun ekanligini ma'lum qildi.

- Men katta ahamiyatga ega voqeaning shohidi bo‘laman, - dedi diplomat. - Saylovda o‘zbek xalqi mamlakat kelajagi uchun ovoz beradi. O‘zbekiston milliy saylov tizimi shakllanishining asosiy bosqichlari, saylov jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik asoslarining rivojlanishi hamda davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning dasturlaridan yaxshi xabardorman. Shu bois xalqaro andozalar hisobga olingan holda saylovlarni o‘tkazishga ko‘rilgan tayyorgarlik yuqori bahoga loyiq ekanligini alohida ta'kidlashni istar edim.

“Jahon” AA

Mavzuga oid
Top