19:56 / 02.12.2016
11391

Tandirning siri yoki og‘ufurushlik bilan shug‘ullangan kimsalar fosh etildi

Foto: Huffingtonpost.com

Pozagarlik Qayum Jamilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yashash xonadonining tomorqasida 3 tup taqiqlangan “kannabis” o‘simligini ekib yetishtiradi. O‘simlik yetilgach, uni sotish taraddudiga tushadi. Bundan xabar topgan MXX va tuman IIB xodimlari gugurt qutisiga qadoqlangan “marixuanna” giyohvandlik vositasini o‘zga shaxsga sotayotgan vaqtida qo‘lga olishadi.

Bundan tashqari, Q.Jamilovning yonidan sotish maqsadida tayyorlab qo‘yilgan vazni 37,62 gramm “marixuanna” giyohvandlik vositasi topiladi. 

Aminjon Haqberdiyev ham Qayum Jamilovning yo‘lidan yurgan giyohfurushlardan ekan. U ham taqiqlangan o‘simlikni ekib, undan “nasha” tayyorlab sotishni ko‘zlagan edi.

-  2015 yil boshlarida bozordan gul urug‘larini sotib olib, ularni tomorqa yerimga ekib, ular orasidan unib chiqqan “nasha” o‘simligini ko‘rgach, bu giyohni alohida parvarishladim. O‘simlik yetilgach, gugurt qutilariga qadoqlab, sotish uchun saqlab kelganman. Bu haqda oilamdagilardan hech biri bilmas edi. “Nasha”ni hovlimdagi tandirning kovagiga yashirib qo‘ygandim. Bir kuni tanishim Qayum Jamilov kelib mendan “nasha” bor-yo‘qligini so‘ragach, uni qadoqlab qo‘yganligimni aytgandim. Unga bir marta 8 dona gugurt qutisiga qadoqlangan giyohvandlik moddasini kelishilgan narximizga sotganman. Giyohvandlik moddalarini yetishtirib, sotganligimdan oilamdagilarning xabari bo‘lmagan, faqat Qayum bilardi xolos, - deydi tergov jarayonida Aminjon Haqberdiyev.

Sud Qayum Jamilovga 7 yil, Aminjon Haqberdiyevga 7 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Top