07:38 / 02.12.2016
5834

WikiLeaks Germaniya va AQSh razvedkalari hamkorligi haqidagi hujjatlarni chop etdi

WikiLeaks tashkiloti Germaniya va AQSh razvedkalarining yaqindan hamkorlik qilishi yuzasidan parlament tergovi bilan bog‘liq 2,5 mingta xat va hujjatni chop etdi. Bu bilan bog‘liq 90 gigabayt ma'lumot tashkilot saytida chop etildi.

Bu hujjatlar orasida Germaniya Federal razvedka xizmatining 125 ta , Germaniya konstitutsiyasini muhofaza qilish federal boshqarmasining (Germaniya kontrrazvedkasi) 33 ta va Informatsion texnika xavfsizligi bo‘yicha federal boshqarmaning 72 ta hujjati bor. Hujjatlar nemis parlamentchilarining mamlakat razvedkasi AQSh Milliy xavfsizlik agentligiga (MXA) Germaniya fuqarolari ortidan ayg‘oqchilik qilishga yordam berganini isbotlashga urinishlariga bag‘ishlangan.

MXA atrofidagi mojaro 2013 yilda Spiegel nashri bu agentlikning sobiq xodimi Edvard Snoudenning fosh qiluvchi hujjatlarini chop etgandan keyin boshlangan. O‘shandan beri voqea borgan sari yangi ma'lumotlar bilan to‘lib borgan: aniqlanishicha, AQSh razvedkasi ko‘p yillar davomida Germaniya fuqarolari telefonlarini tinglab Yevropadagi minglab nishonlar ortidan kuzatgan, u hattoki bir necha marotaba Germaniya kansleri Angela Merkel telefonini ham tinglagan.

So‘ngra mojaro boshqacha burilish olgan: aniqlanishicha, amerikaliklarga Yevropadagi nishonlarni kuzatishda Germaniya Federal razvedka xizmati ko‘mak bergan. Natijada Bundestagda bu kuzatuvlarning barcha tafsilotlarini tergov qilish uchun parlament qo‘mitasi tashkil etilgandi.

 

Top