00:09 / 03.12.2016
11841

Atlantika okeanini suzib o‘tayotgan britaniyalik qulog‘iga baliqlar kirib olganidan shikoyat qildi

Foto: © RIA

Atlantika okeanini suzib o‘tishga bel bog‘lagan britaniyalik Ben Xuper o‘z sayohatining birinchi 20 kunida bor-yo‘g‘i 124 km suzib o‘ta oldi. Daily Mail nashrining ta'kidlashicha, britaniyalik bunday sur'atlar bilan o‘z manziliga 2018 yildan oldin yetib kela olmaydi.

Avval Glostershir grafligida politsiyachi bo‘lib ishlagan 38 yoshli Xuper o‘z sayohatini 13 noyabrda Senegalda boshlagandi. Ma'lum qilinishicha, u suvda kuniga 10 soat o‘tkazmoqchi va mart oyiga kelib Braziliyaning Natal shahriga yetib kelmoqchi va shu tariqa okeanni suzib o‘tmoqchi. Suzuvchiga 10 kishidan iborat kema hamrohlik qilmoqda. Ular orasida Ginness rekordlar kitobi vakili ham bor.

Xuper bunday past sur'atlarni kutilmagan qiyinchiliklar bilan tushuntirmoqda: u meduzalarni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan maxsus qurilma ularga ta'sir qilmayapti, uning atrofida akulalar aylanib yuribdi, katta to‘lqinlar esa uni aylantirib yubormoqda. Bu yetmagandek, suzuvchining qulog‘iga mayda baliqlar o‘rnashib olgan.   
"Meduzalar meni muntazam chaqmoqda va biz ikki marta akulalarni ko‘rdik", deb yozdi Xuper feysbukda. U shuningdek ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini u va uning jamoasi ekspeditsiya davomida spirtli ichimlik iste'mol qilmaganlariga ishontirdi. 

Atlantika okeanini birinchi suzib o‘tgan odam fransuz Benua Lekont bo‘lgan. U 1988 yilda AQShning Massachusets shtatidan Fransiyagacha okeanni 73 kun ichida suzib o‘tgan. Ginness rekordlar kitobi bu natijani rekord sifatida qayd qilmagan, chunki fransuz dengiz kasalligi sababli Azor orollarida bir hafta o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

 

Top