23:29 / 03.12.2016
36546

Bugun saylov: Saylovchilarga 10ta eslatma

Foto: O‘zA

2016 yil 4 dekabr, yakshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni.

Bu kunda butun Respublika bo‘ylab yangi prezident saylash uchun ovoz beriladi.

Parlamentdagi 4ta siyosiy partiya ko‘rsatgan nomzodlar uchun 21,5 million saylovchi ovoz beradi. Saylovda birinchi turdan keyin 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod respublikaning yangi prezidentiga aylanishi mumkin. Agar birinchi turda hech qaysi nomzod 50 foizdan ortiq ovozga ega bo‘lmasa, eng ko‘p ovoz olgan 2 nomzod o‘rtasida qaytadan ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Saylovda davomat 33 foizdan oshsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e'lon qilinadi. Lekin odatda saylov natijalari saylov o‘tgandan so‘ng 1 sutka ichida e'lon qilinadi.

Saylov natijalari rasman e'lon qilingach, 2 oy ichida yangi prezident inauguratsiyasi tashkil etiladi. Davlat rahbari har biri 5 yil muddatdan ikki marotabadan ortiq saylana olmaydi.

Ertaga fuqarolar o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanib, o‘z kelajaklari uchun ovoz berishadi.

Mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish istagini bildirdi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Sarvar Otamuratovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Shavkat Mirziyoyevni, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xatamjon Ketmonovni, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Narimon Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatdi.

Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish, davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratildi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar videokonferensiya tarzida o‘tkazilgani aholi keng qatlamlarini qamrab olish imkonini berdi. Fuqarolar nomzodlarning tarjimai holi, saylovoldi dasturi bilan atroflicha tanishdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab tashkil etilgan 14ta saylov okruglarida 9378ta, shu jumladan O‘zbekistonning 44ta xorijiy diplomatik vakolatxonalaridagi 44ta  saylov uchastkasi saylovchilarni qabul qilishga shay holatga keltirilgan. 

Uchastka saylov komissiyalari tarkibi shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilindi. Barcha uchastkalarda ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etildi. Ovoz berish xonalari, qutilar, ko‘chma qutilar tayyorlandi. Uchastkalar saylovga oid qonun, yo‘riqnoma, qo‘llanma, zarur adabiyotlar, nomzodlar va ularning dasturlarini tanishtiruvchi plakatlar, telefon, kompyuter hamda internet bilan ta'minlandi.

Saylovning ochiq va oshkoraligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 44 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari kuzatayotib bormoqda. Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 dan ortiq vakili yoritib bormoqda.

 

Sayt o‘quvchilariga saylov haqida va ovoz berish jarayoniga oid ma'lumotlar yana bir bor eslatib o‘tiladi. Barcha yurtdoshlarni o‘z xohish-irodasiga ko‘ra, saylovlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz.

1. Ovoz berish qachon boshlanadi va qachon tugaydi?
Ovoz berish joriy yilning 4 dekabr, yakshanba kuni soat 06.00dan soat 20.00gacha o‘tkaziladi.

2. Ovoz berish qayerda bo‘lib o‘tadi?
Ovoz berish maxsus ajratilgan saylov uchastkalari binosida bo‘lib o‘tadi. Ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlari berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak.

3. Yaqin qarindoshi nomidan ham ovoz berish mumkinmi?
Yo‘q, mumkin emas. Har bir saylovchi shaxsan ovoz beradi, boshqa kishilar uchun ovoz berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4. Saylov byulleteni kim tomonidan beriladi?
Saylov byulletenlarini tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylov uchastkasi saylovchilarining ro‘yxati asosida pasport yoki boshqa guvohnoma ko‘rsatilishi asosida beriladi. Har bir saylovchi saylov byulleteni olgani haqida saylovchilar ro‘yxatidagi o‘z familiyasi ro‘parasiga imzo chekadi.

5. Sog‘lig‘i tufayli saylov uchastkasiga bora olmaydigan fuqarolar saylovda qay tartibda qatnashadi?
Saylov kuni bemorligi sababli, uchastkaga bora olmaydiganlar uchun navbatchi guruhlar tashkil etilgan. Bunda bemor saylovchi o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasiga qo‘ng‘iroq qilishi kifoya. Uning manzili bo‘yicha maxsus quti hamda ovoz berish byulleteni olib kelinadi. 

6. Agar fuqaro yashash joyidagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolgan bo‘lsa, nima qilishi kerak?
Muayyan sabab bilan saylovchilar ro‘yxatiga kirmay qolgan saylovchilar shaxsini va yashash joyini tasdiqlaydigan hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi. Buning uchun uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilish kerak.

7. Saylov byulleteni qayerda to‘ldiriladi?
Ovoz beruvchilar saylov byulletenlarini yashirin ovoz berish uchun ajratilgan xonada to‘ldirishadi. Byulletenlarni to‘ldirish vaqtida xonada ovoz beruvchidan boshqa biron-bir kishi bo‘lishi mumkin emas.

8. Byulleten qanday to‘ldiriladi?
Saylovchi saylov byulleteniga, o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgi-krestik (plyus) qo‘yadi. Plyusdan boshqacha belgilar qo‘yish mumkin emas. Shuningdek, boshqa nomzodlarning familiyasi ro‘parasidagi katak bo‘sh qolishi kerak. Bo‘sh joylarga biron belgi qo‘yish mumkin emas. Aks holda saylov byulleteni buzilgan deb hisoblanadi. Saylov byulletenini turli sabablarga ko‘ra buzib qo‘ygan saylovchilar byulletenni yaroqlisiga almashtirish uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi mumkin.

9. Saylov kuni biron nomzodni qo‘llab-quvvatlab tashviqot qilish mumkinmi?
Saylovoldi tashviqoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi. 2 dekabr kuni, kechki soat 20:00dan keyin barcha tashviqot mazmunidagi plakatlar olib tashlandi. 

10. Saylovda qatnashish majburiymi?
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash bo‘yicha saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda ixtiyoriy ravishda qatnashadi.

Top