10:42 / 03.12.2016
17150

Yilning asosiy o‘yini: «Barselona» va «Real» klasiko arafasida qay holatda? (1-qism)

Futbol uchun qaysi taktika eng yaxshisi deb berilgan savolga zamonasining buyuk murabbiylaridan biri Valeriy Lobanovskiy faqat bitta taktika borligini aytib javob bergan: hujum – himoya. Faqat jamoaning necha futbolchisi  hujumda yoki aksincha harakat qilishi bilan bu taktika farqlanadi. Aynan mana shu farq jamoaning qanday o‘yin ko‘rsatishini ham aniqlab beradi.

«Barselona» ham «Real» ham muntazam ravishda hujum tashkil qilishda maksimal futbolchilardan foydalanishga harakat qiladi, lekin shu bilan birga zaruriyat tug‘ilganda himoyada butun boshli jamoa bilan ham o‘ynay olishi mumkin. Jamoa tarkibidagi yulduz nomlarga qaramay, «Madrid»da ham «Barselona»da ham futbol falsafasi jamoaviy o‘yinga asoslangan. Ayniqsa so‘nggi yillarda «Barselona» ko‘rsatayotgan o‘yini bilan an'anaviy total futbolning merosxo‘ri sifatida taassurot qoldirmoqda. 

3 dekabr kuni Peres nazdi bilan aytganda butun dunyo muxlislari e'tiborida bo‘ladigan «El-klasiko»ning bu mavsumdagi birinchisi bo‘lib o‘tadi. Futbol tarixidagi eng prinsipial o‘yin sifatida baholanadigan to‘qnashuvdan oldin jamoalarda turlicha holat kuzatilmoqda. Kimdir jarohati tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi, kimdadir boshqa muammolar bor. 

Tribuna.Uz bu borada sal boshqacha yo‘ldan borishga qaror qildi: bo‘lajak o‘yin oldidan tarkib va shunga o‘xshash muammolar o‘rniga ikkala jamoaning mavsumda ko‘rsatayotgan o‘yinidan kelib chiqib, kamchiliklarini topishga harakat qilib ko‘rdi. Dunyo futbolida eng mukammal o‘yin ko‘rsatadigan ikki jamoaning o‘yin borasida yetarlicha muammolari bor, albatta. Aynan Lobanovskiy javobida aytgan taktikalar bo‘yicha bu kamchiliklarni o‘rganib chiqishga harakat qilamiz.

Hujumdagi o‘yin
Raqib futbolchilari juda zich joylashgan vaqtda «Barselona» ham «Real» ham pozitsion hujumlardan ko‘ra, tezkor vertikal hujumlar orqali muammoni hal qilishga urinadi. Bu yangilik emas. Bu holatni birinchi navbatda ikkala jamoa hujumchilarining saviya borasidagi ustunligi bilan tushuntirish mumkin.

Ammo shunga qaramay, ikkala jamoada ham so‘nggi paytlarda hujum qilishdagi muammolar ko‘zga tashlanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Pozitsion hujum tashkil qilinayotgan vaqtda «Barselona»ning eng asosiy muammosi unda ishtirok etayotgan futbolchilar guruhining juda qisqa ekanida ko‘zga tashlanmoqda. Bir qarashda jamoa hujumida deyarli barcha futbolchilar qatnashayotgandek ko‘rinsada, aslida hujumning asosini uch forvardning improvizatsion harakatlari tashkil qilmoqda. Aniqroq aytganda, hujumdagi harakatlar hujumkor uchlikning o‘zaro harakati bilan cheklanib qolmoqda. Qolgan futbolchilar esa (Inestadan tashqari) supertrioning o‘z mahoratini namoyish qilishi uchun shunchaki qulayroq sharoit yaratib berish vazifasini o‘tayotgandek. Yoki shunchaki e'tiborsiz qoldirilmoqda.

Surat yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Mantiqan hujum tezlik olgan Lyuka Din orqali davom etishi kerak, ammo Neymar o‘yinni o‘z qo‘liga olishga harakat qilib, boshi berk ko‘chaga kirib qolmoqda.

Yana bir shunga o‘xshash holat, faqat bu safar diqqat-markazimizda Messi va Serxio Roberto. «Barselona» o‘yinida juda ko‘p uchraydigani kabi bu safar ham Messi qulay yo‘ldan ko‘ra murakkabini tanlaydi. Potentsial hujum muvaffaqiyatsiz yakunlanadi.

«Barsa»ning joriy mavsumdagi o‘yinlarini kuzatsak, markaziy chiziq asosan hujumchilarning harakatlari ortida qolib ketayotganini ko‘rishimiz mumkin. Trio ishtirok etmagan hujumni jamoada umuman ko‘rmaysiz. Ya'ni, yarimhimoyachilarning o‘zi vaziyat taqozo etganda hujum tashkil qiluvchi rolida ham deyarli ko‘rinmaydi. Voqealar rivoji albatta hujum uchligi orqali davom etadi. Agar Inesta maydonga tushmagan bo‘lsa, bu holat yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanib qoladi. Chunki Andres — bugungi jamoadagi yagona yarimhimoyachi-pleymeyker deyish mumkin. Boshqa futbolchilarda bunaqa funksiya yo‘qdek. Hozirgi «Barselona» o‘yini falsafasi hujumchilar vaziyatni yaratishga ham uni yakunlashga ham mas'ul  degan tushunchadan iborat.

«Barselona»ning aksar futbolchilari to‘p bilan muomala qilishga ham kirishmay qo‘ygan. Shunchaki to‘psiz harakatlar bilan hujumga va uni yaratishga mas'ul bo‘lgan trioga hududlar yaratib beradigan navbatchi sheriklardek ko‘rinadi.

Enrike jamoasidan farqli ravishda, «Real»da yaratuvchanlik qobiliyatiga ega yarimhimoyachilar bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Hattoki, juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan Xames yoki Isko maydonga tushganlarida bemalol xavfli vaziyatlarni yaratishi, uni yakunlashda ishtirok etishi mumkin. O‘yinni ajoyib tarzda boshqara olishi mumkin bo‘lgan Modrich va Kroos haqidaku gapirmasak ham bo‘ladi. «Madrid» hujumchilari hujum tashkil qilishdan ko‘ra, uni yakunlash bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Marselo va Beyl kabi futbolchilar jamoaning taktik zaxirasini rang-baranglik bilan boyitishga xizmat qilib kelmoqda. Ayniqsa chuqur himoyaga yotib olgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda ularning qanot bo‘ylab amalga oshiradigan bosimi juda qo‘l keladi. Shu sababdan «Real»ga qarshi qisqa va zich hududlar orqali himoyalanish taktik chizmasi ko‘p ham effekt beravermaydi. Qanotda markazdan ko‘ra chiziqqa yaqinroq o‘ynaydigan Beyl (uning jarohati qanchalik katta yo‘qotish ekanini tushunib olavering) noodatiy harakatlari bilan xavf soladi. Chap qanotdan hujumga qo‘shiluvchi Marselo esa hatto hujumchilarda yo‘q noyob driblingi evaziga vaziyatni jamoasi uchun qulaylashtirib bera oladi. Alba yoki Serxi Robertodan farqli ravishda bu futbolchilarni qanotlarda ma'lum bir hududda yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Madridliklarning hujum chizig‘i bosh bilan juda yaxshi o‘ynay olishini hisobga olsak, bu vaziyatlarda qanotlardan havolatib yetkazib berilayotan to‘plar ularning foydasiga ishlashi mumkin. «Barsa» esa bu borada faqat markaziy himoyachi Pikening xizmatidan foydalanishi mumkin xolos.

Madridliklarda aynan qaysi chiziq eng asosiy ekanini aniqlash ham qiyin. Bu jamoaning har bir chizig‘i bo‘yicha muvozanat joyida ekanidan dalolat beradi.

Endi muammolar haqida. Madridliklar hujumidagi muammo xuddi bir yil oldingidagi kabi pozitsion hujumga o‘tishda futbolchilarning keraksiz nuqtalarda paydo bo‘lib qolishida ko‘zga tashlanmoqda. Suratlar orqali ko‘rib chiqamiz.

Qizil bilan belgilangan futbolchilarga e'tibor bering. «Barselona»da bu kabi holatlarni ko‘rmaysiz. «Real» futbolchilari hujum rivojlanayotgan paytda bitta joyga, qulay bo‘lmagan hududga joylashib olgan. Bu raqibning ko‘p kishi bo‘lib ustunlikka erishishiga yordam bermoqda.

Pozitsion noto‘g‘ri joylashuvga yana bir yorqin misolHujum boshlashdagi xatoga e'tibor beringTo‘p bilan muomalada bo‘layotgan jamoaning bir yo‘la 8 futbolchi to‘p bilan 10-15 metr masofaga to‘planib qolishgan.

O‘xshash vaziyatHujumchilar deyarli tayanch yarimhimoyachi zonasida (kadrda ko‘rinmagan Beyl Benzema bilan bitta chiziqda joylashgan), ammo «Real» yarimhimoyachilari butunlay teskari yo‘nalishda, «Vilyarreal» futbolchilari son jihat ustun bo‘lgan hududdan o‘yinni davom ettirishga urinmoqda.

Chiziqlar o‘rtasidagi masofaning kattaligiga e'tibor bering. Bir yo‘la futbolchigorizontal yo‘nalishda bitta chiziqqa terilib turibdiBo‘sh zonalarda paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan yarimqanot futbolchilari esa umuman ko‘zga tashlanmayapti.

Xuddi shunday holat. Taxminan 25-30 metr diametrdagi bo‘sh hududdan foydalanilmayapti.

Yilning asosiy o‘yini: «Barselona» va «Real» klasiko arafasida qay holatda? (2-qism)

 

Top