Muhammad bin Salmon 12 yoshligidayoq otasi Salmon raislik qilgan hukumat majlislarida o‘tirgan. U paytlar Salmon Saudiya Arabistoni provinsiyasi Ar-Riyod gubernatori lavozimini egallagandi. 17 yil o‘tib, Muhammad bin Salmon mamlakat mudofaa vaziri etib tayinlandi. Shu tariqa u jahon tarixidagi eng yosh mudofaa vaziri nomini oldi. U o‘z mamlakatini allaqachon Yamandagi shafqatsiz urush domiga tortib ulgurdi. Ana shu kabi xatti-harakatlar bu siyosatchini Yer yuzidagi eng xavfli kishilardan biriga aylantiradi. Trendymen nashri aynan shu mavzuga qo‘l urdi. 

Shahzoda Muhammad yoshligidanoq o‘zini shaxs sifatida shakllantira boshlagan. G‘arb birjalaridagi aksiyalar va mamlakat ichida qurol-yarog‘ savdosi – bu uning ilk qadamlari bo‘ldi. Akalaridan farqli o‘laroq, Muhammad xorijga o‘qishga ketmadi, u ta'lim olish uchun Ar-Riyod universitetini tanladi. Shahzodaning kursdoshlari va o‘qituvchilari uni jiddiy, spirtli ichimliklarni iste'mol qilmaydigan va bor vaqtini ishga bag‘ishlaydigan inson sifatida e'tirof etishgan. 

2011 yilda Muhammad bin Salmonning otasi valiahdning o‘rinbosari bo‘ldi va Mudofaa vazirligi hamda uning ulkan moliyaviy imkoniyatlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Muhammad ham o‘sha sohaning o‘zida maslahatchi sifatida xizmat yuritdi.

Tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, u ulkan boylik to‘plagan — har holda uning imkoniyatlari cheksizligini inobatga oladigan bo‘lsak, buning ajablanadigan joyi yo‘q. Salmon Saudiya Arabistoni taxtiga o‘tgan yilning yanvarida o‘tirgan. U xasta bo‘lganligi uchun ko‘p masalalarda o‘g‘liga umid qilgan. Salmon 79 yoshida aqli zaiflikdan aziyat chekkan va bir kunda faqat bir necha soatgina diqqatini jamlashning uddasidan chiqardi. Otasining eng yaqin kishisi sifatida Muhammad qirollikdagi hukmronlikni o‘z zimmasiga oldi. 

Shahzoda Muhammad mudofaa vaziri etib tayinlandi va Aramco milliy energetika kompaniyasini to‘liq o‘z nazoratiga oldi. Mahalliy amaldorlarning dangasaliklariga chek qo‘yildi: Muhammad erta tongdan vazirlikka borishni odat qildi – kutilmagan tekshiruvdan o‘tolmaganlar hattoki qatl qilinishi mumkin.