22:19 / 04.12.2016
6387

Qozog‘iston delegatsiyasi Zangiota majmuasini ziyorat qildi

Foto: uza.uz

O‘zbekistonga Qozog‘iston Respublikasining turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik” bojxona postida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Turdiqulov va boshqalar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yildan-yilga rivojlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar yuksalib borayotganini ta'kidladi.

Delegatsiya a'zolari dastlab poytaxt Toshkentda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Hazrati Imom jome' masjidi bilan tanishdi. Shundan so‘ng mehmonlar Toshkent islom universitetida bo‘ldi.

Delegatsiya a'zolari XIV asrning 80-yillarida Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilishi yakuniga yetkazilgan Zangiota majmuasini ziyorat qildi.

Mehmonlar Zangiota tumanidagi “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, jumladan, qishloq ahli uchun namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar bilan tanishdi.

Uch mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosida 180 uy-joy barpo etilgan. Yangi uylar tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta'minlangan, alohida kanalizatsiya qudug‘i hamda isitish tizimiga ega. Ko‘chalar keng, yo‘l chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ekilgan. Mehmonlar mahalladagi otalar choyxonasi – guzar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bolalar sport maydonchalari va stadion faoliyatiga yuksak baho berdi.
Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasining tashrifi samimiy do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari rivojidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi.


 

Top