20:58 / 04.12.2016
52194

Ota-ona farzandidan oilasini buzishni so‘rasa, bu talab bajarilishi shartmi?

Oila muqaddas dargoh. Uni barpo etish va mustahkam ushlab turish er-xotinning birdek vazifasi. Bu haqda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari gapira turib, shunday deydilar: “Ota-onaning farzandiga oilasini buzishga undashi shariatda yo‘q”. 

Avvalo, bir holatni tushunib olish zarurki, ota-onaga itoatda bo‘lish, ularga yaxshilik qilish, g‘amxo‘rlikda bo‘lish har bir farzandning burchi. Qur'oni karimda ham, payg‘ambarimiz (s.a.v) sunnatlarida ham bu haqida aniq ko‘rsatmalar bor. Ota-onaning darajasi juda yuqori. Ayrim oyatlarda ota-onaga yaxshilik qilish amali, Allohga ibodatdan keyingi darajaga qo‘yilgan.

Biroq shariat ana shunday yuksak daraja bergan ota-onaga farzandlarining oilasini buzishga undashlarini taqiqlaydi. Alloh nazdida eng xunuk so‘z hisoblangan “taloq”ni farzandlariga aytdirish ham ota-ona vazifasiga kirmaydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining aytishlariga ko‘ra, ota-onasining bu talabini bajarmagan farzand gunohkor bo‘lmaydi, ularga nisbatan isyon qilgan hisoblanmaydi, hatto ular oq qilishgan taqdirda ham bunday vaziyatda bu holat qabulga o‘tmaydi.

Bularni anglash, tushunish va hayotiy masalalar mohiyatiga yetib borish uchun har bir kishi umrini ilm bilan bezatmog‘i lozim. Ana shunda har bir qiyinchilikni chiroyli hal etsa bo‘ladi, mavjud muammolar eng boshidan to‘xtatiladi.

 

Top