16:19 / 04.12.2016
33268

Toshkent metrosi qurilishiga necha mln dollar ajratilishi oydinlashdi

O‘zbekiston hukumati 2017-2020 yillarda Toshkent metrosi qurilishini davom ettirish uchun 295 mln dollar ajratadi, deb xabar qilmoqda Sputnik agentligi.

Xususan, poytaxt yerosti transport tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida uzunligi 10 km bo‘lgan 8ta bekatdan iborat ikkita loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihalar Davlat byudjyeti va O‘zbekiston qayta tiklash va taraqqiyot fondi hisobidan moliyalashtiriladi. 

Bugungi kunda Toshkent metrosi Yunusobod yo‘nalishining ikkita bekatini qurib foydalanishga topshirish ishlari katta sur'atlarda olib borilmoqda. Bundan tashqari, Sergeli tumaniga olib boruvchi yerusti "yengil" metrosini qurish ishlari boshlab yuborilgan. U 6ta stansiyadan iborat bo‘ladi. Shuningdek, yaqin yillar davomida shahar metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borish, 30ga yaqin bekat qurish rejalashtirilgan. Jumladan O‘zbekiston yo‘nalishini poytaxtdagi eng yirik bozorlardan biri "Qo‘yliq"gacha davom ettirish belgilangan. Chilanzor yo‘nalishi esa "Buyuk Ipak Yo‘li"dan keyin yana 3ta bekat bilan to‘ldiriladi. 

Shu bilan birga, yaqin yillarda Toshkent metrosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga doir choralar ko‘rilishi mumkin. Hozirda, mamlakat hukumati nafaqaxo‘rlarga 2017 yildan metrodan bepul foydalanishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Tig‘iz vaqtlarda turli noqulayliklarga sabab bo‘lmaslik maqsadida keksa kishilar kunduzi 10:00 dan 16:00gacha bepul yurish imkoniga ega bo‘lishadi.


 

Top