16:57 / 05.12.2016
8793

Matteo Rentsi so‘zida turdi - muxolifat esa tantana qilmoqda

Foto: AFP

Italiya aholisi konstitutsiya islohotiga oid referendumda ayni islohotga qarshi ovoz berdi. Hukumat qonun loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, bosh vazir Matteo Rentsi o‘z va'dasiga binoan iste'foga chiqishini e'lon qildi. 

Ovoz berish jarayoni 4 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi vazifasini bajaruvchi ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, italiyaliklarning aksariyati — 59,11 foizi — respublikaning asosiy qonuniga o‘zgartishlar kiritish g‘oyasini ma'qullamagan. 

Umuman referendumda birgina masala – konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishga oydinlik kiritilishi kerak edi. Aslida, Rentsi hukumati nimani taklif qilgan edi? Mamlakat hukumati Senat vakolatlarini o‘zgartirishni ko‘zda tutar edi. 

Xususan, parlamentni viloyat kengashlari shakllantirishi lozim edi. Ya'ni, ulardan 74 nafar maslahatchi hamda 21ta shahar hokimi Senat a'zosi bo‘lishi kutilayotgan edi. Mamlakat prezidenti esa yana besh nafar parlament a'zosini tayinlashi lozim edi. 

Agar tuzatishlar qabul qilinganda, Senat uchdan bir qismdan ko‘proqqa (315 senatordan 100 nafar qolar edi) qisqarishi mumkin edi. Bundan tashqari, parlament vakolatlari ham tahdid ostida qolayotgandi. Rentsi senatorlar ixtiyoriga islohotlar va konstitutsiyani o‘zgartirishga oid bir necha masalani hal etish ixtiyorini berishga rozi edi. 

Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotga ko‘ra, viloyatlar va markaziy hukumat o‘rtasidagi vakolatlar qayta taqsimlanar edi. 

Matteo Rentsi o‘z loyihasiga katta umid qilgandi. Ammo, afsuski, uning umidlari puchga chiqdi. Shu sababli, o‘zi bir necha marotaba ogohlantirganidek, iste'foga chiqdi. 

Top