16:51 / 05.12.2016
7204

OAV: Tokio Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat deb tan olmaydi

Yaponiya hukumati Jahon savdo tashkiloti (JST) mezonlari asosida Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat deb e'tirof etmaslikka qaror qildi. Bu esa o‘z navbatida Pekinga nisbatan turli savdo cheklovlari kiritishni va aksildemping to‘lovlarini joriy qilishni qulaylashtiradi. AQSh va YeI ham xuddi shunday qarashni egallaydi, deb yozmoqda Yaponiyaning eng yirik "Iomiuri" nashri.

JST qoidalariga ko‘ra, "bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan davlat"ni belgilash  mezoniga milliy sanoatni himoya qilish uchun hukumat subsidiyalari mavjudligi, eksportni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kabilar kiritiladi. Bu o‘z navbatida shu kabi mamlakat mahsulotlariga aksildemping to‘lovlarni joriy qilish va boshqa turdagi qarshi choralarni ko‘rishga asos bo‘ladi, deb yozadi "Iomiuri" nashri.

Hozirda XXR o‘zining metallurgiya va kimyo sanoati mahsulotlarini keng miqyosda eksport qilmoqda. Ayni shu narsa global miqyosda narxlarni tushirmoqda. Yaponiya hukumati shu munosabat bilan Xitoyning uch toifadagi mahsulotlariga nisbatan aksildemping to‘lovlarni joriy qildi. 

Ammo, deb yozadi gazeta, Xitoyni "bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan davlat" sifatida tan olish Pekin noroziligiga sabab bo‘lishi va Xitoy bilan munosabatlarda muammolarni paydo qilishi mumkin. 

Top