12:10 / 06.12.2016
3564

Fransiya bosh vaziri iste'foga chiqishi haqida ma'lum qildi

Foto: Reuters

Fransiya bosh vaziri Manuel Vals seshanba, 6 dekabr kuni o‘z lavozimini tark etishi haqida ma'lum qildi. U prezidentlik uchun kurashmoqchi. Shuningdek, uning vazirlar mahkamasi ham iste'foga chiqadi, deb xabar bermoqda Reuters.

Valsning aniqlik kiritishicha, u hukmron Sotsialistik partiyaning 2017 yil 22 va 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan praymerizdan avvalgi saylov kampaniyasiga bor e'tiborini qaratadi.

BFMTV ma'lumotiga ko‘ra, Vals nomzodini prezident saylovlariga qo‘yish qarori davlatning amaldagi rahbari Fransua Olland kampaniyada ishtirok etishdan bosh tortgach ro‘y bergan. Fransiya yetakchisi o‘z qarorini so‘l kuchlarni parchalamaslik va yagona kuchli nomzodni ilgari surish lozimligi bilan izohladi.

Jamoat fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan barcha so‘rovlar esa Olland ham, Sotsialistik partiyadan bo‘lgan boshqa istalgan nomzod ham prezidentlik saylovlarining ikkinchi turiga o‘ta olmasligini ko‘rsatib berdi. Aftidan davlat rahbari lavozimi uchun “Respublikachilar” partiyasi praymerizida g‘alaba qozongan Fransua Fiyon va “Milliy front” yetakchisi Marin Le Pen o‘zaro raqobatga kirishadi.

Ma'lumot uchun, Fransiyadagi prezidentlik saylovlari 2017 yilning aprel-may oylarida o‘tkaziladi.
 

Top