15:52 / 06.12.2016
7348

Italiya Yevroittifoqqa ziyon yetkazish bo‘yicha Brexit'ni ortda qoldirishi mumkin

Foto: Reuters

Italiyadagi referendumning muvaffaqiyatsizligi va bosh vazir Matteo Rentsining iste'fosi Yevroittifoq kelajagi uchun Brexit'dan-da jiddiyroq xavf soladi. The Financial Times nashri shu haqida ma'lum qildi. 

Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqish qarori bilan taqqoslaganda Italiyadagi vaziyatning asoratlari u qadar yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Bir qaraganda, italiyaliklar shunchaki konstitutsion islohotlarga qarshi ovoz berishdi. 

"Biroq "Brexit ham, Italiyadagi referendum ham - bir tarixning lavhasi. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqida misli ko‘rilmagan taranglik hukmronlik qilmoqda, lekin oxir-oqibat Italiyadagi inqiroz YeIga juda jiddiy xavf solishi mumkin. Bunga siyosiy, iqtisodiy va hatto geografik sabablar ham bor", - deya ta'kidlanadi manbada. 

Eng avvalo, Britaniyadan farqli o‘laroq, Italiya Yevroittifoqning asoschi davlatlaridan biri bo‘lgan va uni doim faol qo‘llab-quvvatlagan. Iqtisodiy va migratsion inqirozlar fonida iatliyaliklarning YeIga bo‘lgan munosabati ancha o‘zgardi. Italiya 2008 yildan buyon sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning chorak qismini yo‘qotdi, yoshlar orasidagi ishsizlik esa deyarli 40 foizni tashkil qiladi. Italiyaliklarning aksariyati yevro mamlakatni halokat yoqasiga olib kelayotganiga ishonch hosil qilishmoqda. Ko‘plab iqtisodiyotchilarning fikricha, umumevropa valyutasi Italiyani raqobatdagi ustunliklaridan ayirdi. 

Foto: Reuters

Manbaga ko‘ra, Rentsi an'anaviy Yevropa pozitsiyasiga ega so‘nggi bosh vazirlardan biri bo‘lishi mumkin. U Bryusselni qat'iy iqtisodiy siyosat va muhojirlar masalasida qo‘llab-quvvatlamaganligi uchun tanqid qilgan bo‘lsa-da, YeI bilan muloqot qilishga moyil edi. O‘z soatini kutib turgan yangi siyosiy partiyalar esa butkul boshqacha kayfiyatda. Italiyaning eng yirik muxolifat kuchi bo‘lgan, referendumda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ijtimoiy-siyosiy "5 yulduz harakati" Bryusseldan mustaqillikni talab qilmoqda va isteblishmentga qarshi chiqmoqda. 

Italiyancha populizm Yevroittifoq uchun juda xavfli - Italiya Britaniyadan farqli o‘laroq yevrozonada joylashgan. Brexit og‘riqli va murakkab jarayon bo‘lsa-da, u yevro pul birligi va Yevropa iqtisodiyotiga tahdid solmaydi. Italiyadagi ovoz berish natijalari haqida esa bunday deb bo‘lmaydi. 

Yakshanba kuni Appenninda Matteo Rentsi hukumati tomonidan taklif etilgan konstitutsion islohot bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Qonun loyihasi eng avvalo Respublika Senati funksiyasi va rolining o‘zgarishini ko‘zda tutadi. 
 

Top