14:38 / 06.12.2016
7781

Nafsiga erk bergan mudira jazoga tortildi

Foto: ZN.ua

Uychi tumani xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi Inobat Botirova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) sohaga qaratilgan e'tiborga bepisand munosabatda bo‘lib, o‘ziga bildirilgan ishonchni suiiste'mol qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

2015 yilning iyun-noyabr oylari uchun muassasa tarbiyalanuvchilarining ota-onalaridan badal pullarini guruh tarbiyachilari orqali yig‘ib olgach, “fe'li aynidi”. Nafsiga erk berib, bu mablag‘ning 7 mln. 933 ming so‘mini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yubordi. Keyin o‘z kirdikorlarini yashirish maqsadida bolalarning qatnovi va ularga hisoblangan ota-onalar badali bo‘yicha hisobotga soxta yozuvlar kiritib, badal miqdorini kamaytirib ko‘rsatdi. Guruh tarbiyachilarining imzosini qalbakilashtirib, tuman moliya bo‘limiga taqdim etdi. 

Mudira qilgan ishidan pushaymon bo‘lish o‘rniga pulning topishning yangidan-yangi yo‘llarini axtara boshladi. Tug‘ish ta'tiliga chiqqan Gavhar Mavlonova unga uchrab, o‘z ishiga qaytish niyati borligini aytganida I.Botirova pul ishlab olish imkonini tug‘ilganini angladi-yu, uning iltimosini o‘zicha rad etgan bo‘ldi.

-  Buning aslo iloji yo‘q. Hali bolangiz juda yosh... Qolaversa, o‘rningizga odam olib qo‘yganman, ish o‘rningiz band.

Mudiraning keskin rad etganidan yuragi g‘ashlangan G.Mavlonova unga yalina boshladi. 

-  Shu ishimni hal qilib bering, evaziga nima shart aytsangiz bajaraman. Bilasiz, oilaviy sharoitimiz yaxshi emas... Men hozir ishga qaytib, oilamiz ehtiyoji uchun pul topmasam bo‘lmaydi. 

I.Botirova bir muddat o‘ylanib turgan kishi bo‘ldi-yu, so‘ngra xodimasiga yuzlandi. 

-  Mayli, siz aytgandek bo‘la qolsin. Faqat... evaziga 150 dollar olib kelib berasiz!

G.Mavlonovaning rozi bo‘lishdan boshqa iloji yo‘q edi. U erta-indin kelib uchrashini aytib, xayrlashdi.

Bu orada G.Mavlonovaning akasi Doniyor kelib, mudiradan pul miqdorini kamaytirishini so‘radi. Biroq I.Botirova o‘z so‘zida turib oldi. 

U aytgandek bo‘ldi – Doniyor 150 AQSh dollarini 800 ming so‘mga baholab, shuncha pulni olib kelib berdi. Ammo bu mablag‘ni ishlatib huzurlanish I.Botirovaga nasib etmadi. Ko‘p o‘tmay xizmat xonasiga kirib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi I.Botirovaga nisbatan uch yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash muayyan huquqidan mahrum etgan holda eng kam oylik ish haqining 210 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.

Top