11:49 / 06.12.2016
167015

O‘zbekiston rahbarlari: kecha va bugun

Foto: shosh.uz

Kuni-kecha mustaqil O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti saylandi. 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida o‘zbek xalqi o‘z xohish-irodasini ifoda etib, davlatning yangi rahbarini sayladi. 

Bu kungacha bo‘lib o‘tgan tarixda O‘zbekistonda kimlar rahbar bo‘lganidan xabardormisiz? Kun.uz tomonidan tayyorlangan maxsus maqola sizga ana shunday ma'lumotlarni taqdim etadi.

1. Fayzulla Ubaydullayevich Xo‘jayev (1896-1938) 

Atoqli davlat va siyosat arbobi, Buxoro jadidchiligining faol ishtirokchisi, "Yosh buxoroliklar” partiyasining rahbarlaridan biri. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Nozirlar Kengashi raisi.

O‘zbekiston SSR nomidan SSSR Markaziy Ijroya Qo‘mitasi Raisi (1925-1937), Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Xalq Nozirlar Kengashi Raisi (1920-1924), O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti Raisi (1924-1937).

2. Akmal Ikromovich Ikromov (1898-1938)

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekiston hukumat rahbarlaridan biri. O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi (1929-1937).

3. Yo‘ldosh Oxunboboyevich Oxunboboyev (1885-1943)

Davlat va jamoat arbobi. Marg‘ilondagi paxta tozalash zavodida ishchi (1901-04), O‘zganda batraklik qilgan (1904-14). 1916 yil xalq qo‘zg‘oloni qatnashchisi. 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan keyin Marg‘ilon atrofida tashkil qilingan dastlabki qishloq sho‘rosi, Marg‘ilon uyezdidagi «Qo‘shchi» ittifoqi raisi (1919-21). O‘zbekiston SSR MIK raisi (1925- 38), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1938- 43).

4. Usmon Yusupovich Yusupov (1900-1966).

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh Kotibi (1937-1950), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisi (1953-1954), SSSR Paxtachilik vaziri (1950-1953), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Raisi (1938-?), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1953—1954).

5. Amin Ermatovich Niyozov (1903-1973)

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan binokor (1973). 1920-30 yillarda sovet organlarida ishladi. Moskvadagi Sanoat akademiyasida o‘qidi (1930-34). 1940 yil O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining qurilish bo‘limi mudiri. 1940-46 yillarda respublika Moliya xalq komissari, 1946-47 yillarda O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari. 1947-50 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi, 1950-55 yillarda O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy kengashining II kotibi. O‘zbekiston Kommunal xo‘jalik ministri, Ministrlar Soveti Gaz va kommunal xo‘jalik Bosh boshqarmasining boshlig‘i (1956-60).

6. Nuriddin Akromovich Muhitdinov (1917-2008)

Davlat va siyosat arbobi, diplomat. Moskvadagi savdo-kooperativ institutini tugatib (1938), turli lavozimlarda ishladi. 2-jahon urushi qatnashchisi. 1946-yildan uning siyosiy faoliyati boshlandi. Namangan viloyat partiya qo‘mitasi kotibi va 1-kotibi (1947-50), O‘zbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1950-51), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1951-53, 1954-55), O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri (1953-54), O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1955-57), KPSS MK kotibi (1957-61). KPSS MK Prezidiumi a'zoligiga nomzod (1956-57), a'zo (1957-61). SSSR Ministrlar Soveti Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar komiteti raisining 1-o‘rinbosari (1966-68), SSSRning Suriyadagi elchisi (1968-77), SSSR savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari (1977-85), O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining maslahatchisi (1986-87), “Yodgorlik” tarixiy madaniy meros jamiyati raisi (1987-96), “Oltin meros” Xalqaro xayriya jamg‘armasi bosh maslahatchisi (1996 yildan).

7. Sobir Kamolovich Kamolov (1910-1990)

O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Birinchi kotibi (1957-1959)

8. Sharof Rashidovich Rashidov (1917-1983)

Davlat arbobi, o‘zbek yozuvchisi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1974), O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MQning Birinchi Kotibi (11-si, 1959-1983), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi Raisi (4-si, 1950-1959)

9. Inomjon Buzrukovich Usmonxo‘jayev (1930 y.da tug‘.)

Partiya arbobi. O‘rta Osiyo politexnika institutining arxitektura fakultetini tugatgan (1955). Marg‘ilon shahri bosh me'mori (1959), Farg‘ona viloyati partiya komiteti instruktori (1960), Farg‘ona viloyati ijroiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i (1961), Farg‘ona shahri ijroiya qo‘mitasi raisi (1962-64), Sirdaryo viloyati partiya komiteti kotibi (1965-69), KPSS MK instruktori (1969-72), Namangan viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi (1972-74), Andijon viloyati partiya komiteti 1-kotibi (1974-78), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1978-83). O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1983-88).

I. Usmonxo‘jayev respublikaga rahbarlik qilgan yillarda siyosiy va iqtisodiy vaziyat yomonlashdi, u qat'iyatsizligi va jur'atsizligi tufayli Markazning tazyiqiga dosh bera olmay, 1984-88-yillarda O‘zbekistonning ko‘plab xo‘jalik va partiya arboblarini “paxta ishi” va “o‘zbeklar ishi” degan soxta siyosiy ayblovlar natijasida qatag‘on qilinishiga, xalqning milliy g‘ururi va qadriyatlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yib berdi.

10. Rafiq Nishonovich Nishonov (1926 y.da tug‘.)

Siyosat va jamoat arbobi. 1951 yildan tuman partiya komiteti kotibi, Toshkent shahri partiya komiteti bo‘lim mudiri, Toshkent shahri ijroiya qo‘mitasi raisi. O‘zbekiston KP MK kotibi (1963-70). 1970 yildan Shri Lanka Respublikasi va Maldiv Respublikasida SSSRning Favqulodda va muxtor elchisi, SSSRning Iordaniyadagi elchisi. O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1985-86). O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1986-88). O‘zbekiston KP MK 1 kotibi (1988-89), SSSR Oliy Soveti Millatlar Sovetining raisi (1989-91). 

Rafiq Nishonovich Nishonov respublikaga rahbarlik qilgan yillarda qat'iyatsizligi, uzoqni ko‘ra bilmagani tufayli Markazning O‘zbekistonga nisbatan g‘arazli siyosati va qatag‘onlari davom etdi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot og‘irlashdi, millatlararo adovatlar kuchaydi, respublikaning ma'muriy-hududiy tuzilishi bo‘yicha volyuntaristik qarorlar qabul qilindi.

11. Islom Abdug‘aniyevich Karimov (1938-2016)

Davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti. (1991-2016). O‘zbekiston Qahramoni (1994). O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni va 2007 yilgi prezidentlik saylovlari hamda 2015 yilgi prezidentlik saylovlari g‘olibi.
O‘zbekiston mustaqilligi e'lon qilingunga qadar O‘zSSR kommunistik partiyasi birinchi kotibi.
Islom Karimov boshchiligida O‘zbekiston o‘zining Konstitutsiyasiga ega bo‘ldi, BMTda tan olindi va iqtisodiyoti boshqa MDHdavlatlariga nisbatan barqaror rivojlandi.

12. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

1957 yilning 24 iyul kuni Jizzaxda tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini bitirgan. Institutning komsomol tashkiloti kotibi bo‘lib ishlagan, keyinchalik partiya tashkiloti kotibi va prorektor lavozimlarida ishlagan. 1992 yilda prorektorlikdan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani (sobiq Kuybishev tumani) hokimligiga ko‘tarilgan (1996 yilgacha).
Jizzax viloyati hokimi (1996 yil sentabr - 2001 yil sentabr).
Samarqand viloyati hokimi (2001 yil 11 sentabrdan 2003 yil 11 dekabrgacha).
Jizzax viloyati Baxmal tumani 67-okrugidan 2-chaqiriq (1999-2004) Oliy Majlis deputati.
2003 yil 11 dekabrdan O‘zbekiston Bosh vaziri. 2005 yil 28 yanvardagi yangi chaqirilgan Oliy Majlisda qayta tayinlangan.
2005 yil 4 fevraldan — Bosh vazir, agrosanoat majmuasi rahbari
2016 yil 8 sentabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 16 sentabrda prezidentlikka nomzodi tasdiqlandi. 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti etib saylandi.

 

Top