O‘zbekiston | 10:11 / 07.12.2016
28355
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan faoliyatni to‘xtatish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llashga taqiq belgilanadi

6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Deputatlar “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun  loyihasini muhokama qildilar.

Muhokama davomida ta'kidlandiki, qonunda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub'yektlarini va ularning xodimlarini, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslarni, agar yetkazilgan zararning o‘rni ular tomonidan qoplangan va huquqbuzarlik oqibatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod etish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llashga taqiq belgilash nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning fikrlariga ko‘ra, ushbu normalar tadbirkorlik sub'yektlarini ikki tomonlama jazolash imkoniyatini istisno etibgina qolmay, balki ilk bor huquqbuzarlik sodir etgan va o‘z aybini anglab yetgan fuqarolarga hech qanday salbiy oqibatlarsiz o‘z tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish imkoniyatini beradi, bu esa ularning ishbilarmonlik borasidagi faolligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Soliq kodeksiga hamda bir qator boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida bir qator qonun hujjatlariga muqobil tekshiruvlarning barcha turlarini, shu jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha muqobil tekshirishlarning barcha turlarini bekor qilishga taalluqli tuzatishlar kiritish nazarda tutiladi. Bu esa tadbirkorlik sub'yektlarini rejadan tashqari tekshirish imkoniyatini istisno etishiga olib kelishi muhimdir.

 

Mavzuga oid