13:43 / 08.12.2016
29620

Bir qultum suvga teng boylik

Donishmandlardan biri bunday debdi: «Har kungi bajargan va bajara olmagan amallaring, besamar o‘tgan vaqting senga ko‘rsatib turilsa, boy bergan vaqtingni o‘ylab, g‘am-g‘ussaga botarding. Lekin Alloh taolo shunday bir tadbir qilib, seni bu holni ko‘rishdan mahrum etdi. Tasalli va taskin uchun dunyoning baloyu ofatlari orasiga lazzat va zavqni joylab, seni ana shu lazzat va zavq bilan mashg‘ul etdi. Agar bilsang, aslida dunyo qalampirdan ham achchiqroq. Biroq har narsani bilguvchi Zot uni shu tariqa shirin narsalar bilan qorishtirib qo‘ydi. Dunyoning sabablarini sifatlashga uringan odamni O‘z ishlari bilan horitdi. Dunyoning ajoyibotlari o‘tkir bir voiz aytgan ta'sirli so‘zlardan ham ko‘pdir».

Darhaqiqat, dunyo go‘zal va shirin. Dunyo hirsi hamma narsadan ustundir, u insonni bitmas-tuganmas orzu-havaslar sari yetaklaydi. Inson so‘ngsiz orzu-havaslarga beriladi, ammo hech qachon ularning oxiriga yetolmaydi. Qancha topib-tutmasin, baribir qanoatlanmaydi.

Hikoyat qilinishicha, bir kun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llariga uchta tayoq oldilar. Birini oldilariga, ikkinchisini yonlariga qo‘ydilar. Uchinchi tayoqni esa uzoq bir yerga otib, shunday dedilar: «Manavi oldimdagi – inson, yonimdagisi – ajal. Anavi uzoqqa otganim esa orzu-havasdir. Inson o‘zidan juda uzoqlarda bo‘lgan orzu-havaslarga yetishmoqchi bo‘lib, uzluksiz harakat qiladi. Lekin ajal yaqinroq bo‘lgani uchun, inson orzu-havasga yetishmasdan avval ajal uning yoqasidan oladi».

Rivoyatlarda keladi, xalifa Horun ar-Rashid o‘z zamonasining piri bo‘lmish Shaqiq Balxiy hazratlarini tez-tez ziyorat qilib turar ekan. Ana shunday ziyoratlarning birida hazrati Balxiy xalifaga shunday debdilar:

– Tasavvur qil, sahroda yolg‘iz qolgansan, tashnalikdan o‘lay deb turibsan. Ammo bir qultum suv bo‘lsa, hayotingni saqlab qolish mumkin. Shu payt kimdir kelib, «Suv sotaman», desa, nimangni bergan bo‘lar eding?

– Nimani so‘rasa, beraman. Unday paytda pul haqida o‘ylab o‘tirmayman, – debdi xalifa.

– Agar o‘sha odam bir qultum suv uchun butun boyligingning yarmisini so‘rasa ham berarmiding? – so‘rabdilar hazrat.

– Albatta berardim, –  debdi xalifa.

– Yaxshi, yarim boyligingga bir piyola suv sotib olib, ichding. Endi tasavvur qil, biroz vaqt o‘tib, o‘sha suv tahoratingni tang qildi, ammo sen uni chiqara olmay qolding. Tabiblaring ham seni davolay olishmadi. So‘ng yana kimdir kelib, «Qolgan boyligingni ham bersang, mushkulingni oson qilaman» desa, rozi bo‘larmiding?

– O, bunday azobdan qutulish uchun borimni berishga ham roziman, tuzalsam bo‘ldi, – debdi xalifa.

Shunda Shaqiq Balxiy debdurlar: «Unday bo‘lsa, ehtiyot bo‘l. Bir piyola suvni ichishgayu, so‘ng uni chiqarib tashlashga arziydigan boyligingga ishonma, u bilan mag‘rurlanma!»

Yana bir rivoyatda ham, mol-dunyoga ishonmaslik, unga bino qo‘ymaslik, mol-dunyoning o‘tkinchiligi haqida hikoya qilinadi.

Bir kuni xalifa Valid ibn Abdulmalikning huzuriga Avs qabilasidan bir necha kishi keldi. Ularning orasida bir ko‘zi ko‘r kishi ham bo‘lib, xalifa undan: «Ko‘zingga nima bo‘lgan?» deb so‘radi.

«Ey amirul mo‘'minin! – gap boshladi u kishi. – Mening molu dunyoim, ayol va bola-chaqalarim ko‘p edi. Qabilaning eng boy odami edim. Mol-dunyo va ahlimni olib, qavmim yashaydigan joydan chetroqdagi vodiyga borib, o‘sha yerda yashamoqchi edim. Ammo katta sel kelib, bor narsamni oqizib ketdi. Birgina tuyam va endigina tug‘ilgan chaqalog‘im omon qoldi, xolos. Bir payt tuya ham qocha boshladi. Bolamni yerga qo‘yib, tuyamni tutmoqchi bo‘ldim. Uzoq ketmagan edim, bola chinqirgandek bo‘ldi. Qarasam, chaqaloqning boshini bo‘ri g‘ajiyotgan ekan. Uni qutqarishga endi kech edi. Yana tuyaning izidan ketdim. Endi yetgan edim, yuzimga bir tepib qoldi. Aft-basharam qonga to‘ldi. Ko‘r bo‘lib qoldim. Xullas, bir kechada oilasiz, bola-chaqasiz qoldim. Molu dunyom suvga oqdi, ko‘zim ko‘r bo‘ldi».

Dunyo hayoti va mol-dunyo haqida ulug‘lardan Bishr Xofiy shunday debdurlar: «Kim Allohdan dunyolik istasa, hisob-kitob kuni Allohning huzurida ko‘proq turishni xohlagan bo‘ladi, chunki boyligini kerakli joyga ishlatmasa, uzundan-uzoq hisob beradi».

Abu Hozim aytadilar: «Dunyoda sevintiruvchi biron narsa yo‘qki, ketidan xafa qiluvchi bir narsa kelmasa».

Molik ibn Dinor aytadilar: «Dunyo hayotida qo‘lga kirita olmagan narsalaring uchun qanchalik achinsang, oxirat tushunchasi qalbingdan shunchalik o‘chiriladi».

Bu dunyoda moli omonat, o‘zi mehmon bo‘lmagan biron kishi yo‘q. Shunday ekan, ulug‘larning so‘zlaridan ibrat olib, o‘tkinchi dunyoning aldamchi jilvasiga aldanmaylik, yaxshi va ezgu amallar qilaylik, atrofimizdagi insonlarga qo‘limizdan kelganicha yordam ko‘rsataylik. Alloh taolo barchamizga mahalla-ko‘y tinchligi, yurt ravnaqi uchun xizmat qilib, oxiratda ulkan ajru savoblarga yetishishni nasib etsin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Manba: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb portali

Mavzuga oid
Top