O‘zbekiston | 00:41 / 08.12.2016
19899
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa qobiliyatini oshirishda katta hissa qo‘shgan Vatan himoyachilari taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Mudofaa vaziri Q.Berdiyev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida Konstitutsiyamizga muvofiq mutlaqo yangi Qurolli Kuchlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Bu borada harbiy boshqaruv tizimi yaratilib, turli qo‘shinlarni muvofiqlashtitirish va ularning birgalikdagi harakatini ta'minlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, harbiy xizmatchilarni tayyorlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yaxshilashga doir choralar ko‘rildi. 

Mazkur tub o‘zgarishlar mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlashga qodir zamonaviy milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va safarbarligini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari o‘z kasb mahoratini oshirib, milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimiz tinchligi va barqarorligini ta'minlash borasida xizmat burchini bajarishda mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatmoqda. 

Tadbirda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirishda katta hissa qo‘shgan bir guruh harbiy xizmatchilarga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi.

– Har bir harbiy xizmatchi Vatani va xalqi oldidagi burchi va mas'uliyatini teran anglaydi, – deydi Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosari, II darajali “Shon-sharaf” ordeni sohibi O.Ismoilov. – Harbiylarimizning jipsligi, burchimizni ado etishimiz uchun zarur barcha sharoit yaratilgani samarasida Vatanimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlashda muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz.

Tadbir bayram konserti bilan yakunlandi.

Mavzuga oid