O‘zbekiston | 00:51 / 08.12.2016
80293
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi siyosati qanday bo‘ladi?

Foto: UzA

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida mamlakatning tashqi siyosat qay tarzda olib borilishi xususida to‘xtalib o‘tgan.

Mamlakatimizda inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishda bizning saylovoldi dasturimizdan joy olgan, hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan maqsadli dasturlar muhim o‘rin tutadi. Bu dasturlar odamlarning turmush darajasi va sifatini yanada oshirishni ta'minlashga qaratilgan.

Shu maqsadda mamlakatimiz Hukumati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan birgalikda va jamoat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar ishtirokida 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz.

Ushbu strategiyada davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalar aniq belgilab beriladi.

Aziz do‘stlar!
Biz tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni avvalo xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini har tomonlama hisobga olgan holda amalga oshiramiz.

Bu siyosatning asosini tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish tashkil etadi.

Biz bundan buyon ham uzoq-yaqindagi barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligimizni davom ettiramiz. Bu borada ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borish tamoyiliga sodiq qolamiz. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol munosabatlar va hamkorlik olib borish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

Biz Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar! 

Biz yangi – 2017 yilga ezgu va olijanob maqsadlar bilan qadam qo‘ymoqdamiz. 

Buni hozirgina e'lon qilingan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" bo‘yicha barchamiz, butun xalqimiz qalbidagi orzu-intilishlar ifodasi bo‘lgan reja va maqsadlarimiz yaqqol tasdiqlab turibdi. 

Ishonchim komil, ana shu olijanob vazifalarni hal etishda davlat va nodavlat tashkilotlar, mahalla, xotin-qizlar, yoshlar vakillari, keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etadi. 

Kirib kelayotgan yangi yil siyosatimizning bosh maqsadini, ya'ni, inson manfaati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oyani izchil davom ettirish, hayotimizni yanada obod va farovon etish yo‘lida yana bir ulkan qadam bo‘ladi. 

Barchangizni Konstitutsiyamiz bayrami bilan samimiy tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

E'tiboringiz uchun rahmat.

Mavzuga oid