12:09 / 09.12.2016
5624

Qozog‘istonda kam boyitilgan uran banki paydo bo‘lishi mumkin

Qozog‘istonda yuqori boyitilmagan uran saqlanuvchi o‘ziga xos omborxona paydo bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi (Senat) a'zolari respublika hukumati va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) o‘rtasida mamlakatda kuchsiz boyitilgan uran bankini barpo etish bo‘yicha imzolangan kelishuvni ratifikatsiya qildi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti agentligi.

2015 yil avgustida Qozog‘iston Vazirlar mahkamasi va AEXA Qozog‘iston hududida shunday bankni tashkil etish bo‘yicha bitimni imzolagan edi. Tashkilotning bu turdagi banki, turli mamlakatlarga yadro yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berishni kafolatlaydi. Qozog‘istondagi bank mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Ust-Kamenogorskdagi Ulbin metallurgiya zavodi hududida barpo etiladi. 

Kam boyitilgan uran atom elektrstansiyalari uchun yoqilg‘i tayyorlashda qo‘llaniladi. Ular geksaftorid ko‘rinishida Yevropa standartidagi idishlarda saqlanadi. Ushbu uran zaxirasidan jahon uran bozorida taqchillik yuz bergudek bo‘lsa, foydalaniladi. 

Qonun loyihasi imzolash uchun davlat rahbariga taqdim etiladi. 

 

Top