Jamiyat | 08:38 / 09.12.2016
28268
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq sportchini dafn etish uchun mablag‘ ijtimoiy tarmoqlarda yig‘ildi

foto: Facebook

Hayotda ba'zan shunday voqealar, nohaqliklar bo‘lib turadiki, qanday chora qo‘llash, nima qilish borasida insonning boshi qotadi. Ana shunday voqealardan birida, umri poyoniga yetib borayotgan kishi uchun qabristonda joy topilmasa, mahalla qo‘mitasi esa hech qanday yordam bermasa, qarindoshlardan esa, dafn uchun katta pul so‘rashsa...Nuz.uz saytida hayotiy voqea asosida shular haqida fikr yuritilgan. 
 
Toshkentliklar Jumanovlar oilasidagi musibat haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topishdi. Sobiq 16-shahar shifoxonasi (hozirgi Respublika tez tibbiy yordam markazi)da 69 yoshli Abdulla Nazarovichning vafot etayotgani haqidagi e'lonni uning qo‘shnisi joylashtirdi. Qo‘shni ayol oilaning dafn uchun puli qolmagani, borini ham davolash uchun sarflagani, ammo bu sa'y-harakatlar besamar ketganini ta'kidlagan. 

«Abdulla akaning qizi mendan qarz so‘rashga keldi. Ma'lum bo‘lishicha, otasini dafn etishlari uchun ularning puli qolmagan. Shifokorlar esa, bemorni sun'iy nafas oldirish uskunasidan uzishlari kerak edi. Abdulla aka uchinchi insultni boshidan kechirdi va shifoxonadagilar hech qanday umid qolmaganini aytishgan. Qizining so‘zlariga ko‘ra, mahalladagilar yordam berishdan bosh tortgan, qabristonda esa joy uchun 500 ming, qabr qazish uchun 500 ming so‘rashgan», - deya hikoya qilgan qo‘shni ayol. 

Shundan so‘ng, qo‘shni ayol insonlarning yordamga shoshilishlariga va yaxshi odamlar ko‘pligiga ishongan holda Facebook tarmog‘ida e'lon berishga qaror qilgan. Va u xato qilmaganini tezda tushunib yetdi. Birinchi kunning o‘zidyoq, keragidan 3 barobar ko‘p mablag‘ to‘plandi. 

«Biz 1 mln to‘plashni rejalashtirgan edik, 3 mln to‘plandi. To‘g‘risini aytganda, biz bor-yo‘g‘i 12 soat ichida buncha mablag‘ yig‘ilishini kutmagandik. Bizning xalqimiz shunchalik mehrli xalqki, hamon qo‘ng‘iroq qilib, nima yordam kerakligini so‘rab turishibdi», - degan pul yig‘ish kampaniyasi ishtirokchilaridan biri. 

Faollarning hikoya qilishicha, Jumanovlar oilasi, o‘zlariga keragidan ortig‘ini rad etishgan. Abdulla akaning qizi Yevgeniya otasini dafn qilish uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni olgan, xolos. Shundan so‘ng, ko‘ngillilar, qolgan pullarni muhtoj oilalarga Yangi yil bayramini munosib kutib olishlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishga sarflashadigan bo‘lishdi. 

Shuni ham ta'kidlash joizki, deb yozadi maqola muallifi, meni hayron qoldirgan jihati musibatning o‘zigina ham emas, balki mahalla va Yunusobod tumani musulmonlar qabristoni ma'muriyatining bunga munosabati bo‘ldi. Qabriston xodimlari aniq mablag‘ni bevosita talab qilishgan. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, pul yo‘qmi, demak boshqa yerda dafn qilish lozim. 

Abdulla Nazarovich bir paytlar bokschi bo‘lgan, umrini sportga va uni rivojlantirishga sarflaganlardan edi. 

 

Mavzuga oid