20:05 / 12.12.2016
10483

Toshkentda yoshlar haftaligi boshlandi

Toshkentda “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida Yoshlar haftaligi boshlandi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur festivalda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalari g‘oliblari, san'at va madaniyat namoyandalari, taniqli ilm-fan arboblari, xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

“Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostidagi an'anaviy Yoshlar haftaligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga ko‘maklashish, eng iqtidorli yigit-qizlarni saralash, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Shermatov, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi bosh direktori F.Jo‘rayev, "O‘zbekkino" milliy agentligi bosh direktori O.Musayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari F.Toshmuhamedov va boshqalar mazkur haftalik yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va rag‘batlantirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni yoshlar faolligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Haftalik doirasida Talabalar teatr studiyalari festivali o‘tkaziladi. Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Navoiy davlat konchilik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalarining teatr jamoalari milliy va jahon adabiyoti asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllarni namoyish etadi. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida tashkil etiladigan spektakllar namoyishiga yosh tomoshabinlar baho beradi. Festivalning eng sara asari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida namoyish etiladi.

Yoshlar haftaligi doirasida mamlakatimizdagi beshta oliy ta'lim muassasasining iqtidorli talabalari o‘rtasida “Tafakkur sinovlari” tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Haftalikning loyihalaridan yana biri O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan “Yangi nigoh” videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimidir. Mazkur tanlovga turli yo‘nalishlar bo‘yicha 500 dan ortiq ijodiy ish kelib tushgan. Foliblar haftalik davomida internet foydalanuvchilari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Haftalik doirasida kinematografiya sohasida yosh iste'dodlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari “PROlogue” festivali tashkil etilmoqda. Ushbu tanlovga yuzga yaqin havaskor va professional kinoijodkor o‘z ijod namunalarini taqdim etgan.

Moda va dizayn festivali – haftalikning eng yorqin loyihasidir. Ushbu festival an'anaviy modalar haftaliklaridan tubdan farq qilib, uning doirasida “Moda laboratoriyasi” namoyishi, milliy liboslar va zamonaviy modelerlar defilesi, yosh hunarmand va rassomlar ko‘rgazmalari, mahorat darslari tashkil etiladi.

Haftalik davomida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkaziladi. Tanlovda Samarqand davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti jamoalari bahslashadi.

Haftalikda «MIT.uz» loyihasi doirasida axborot-texnologiyalari sohasida, xususan, internet tarmog‘ida milliy sigmentni rivojlantirish borasida izlanishlar olib borayotgan yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

«Turkiston» saroyida «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

– Biz, yoshlar bugungi kunimizdan mamnun, ertangi kunga katta ishonch bilan yashamoqdamiz, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Nilufar Abbosxonova. – Birinchi Prezidentimiz ta'kidlaganidek, Vatanimiz kelajagi bugungi yoshlar qo‘lida. Bunday yuksak mas'uliyatni sharaf bilan ado etayotgan tengdoshlarimizning xalqaro miqyosda qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. 

Mazkur haftalik mamlakatimizning shijoatli yigit-qizlarini yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undab, iste'dodlarini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Azima QIYoSOVA,

O‘zA muxbiri

Mavzuga oid
Top