16:02 / 13.12.2016
5520

NASA o‘zgacha yulduz suratini chop etdi

NASA tomonidan chop etilgan Pegas yulduzlar turkumidagi ikki LL yulduz tasviri ilmiy doiralarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir qator ekspertlar suratdagi spiral — spiral galaktika yoki tumanlik ekanini ta'kidlashdi. Fizik va ilm-fan targ‘ibotchisi Fil Pleyt bu spiralning qanday paydo bo‘lganiga izoh berdi. RIA "Novosti" shu haqida ma'lum qildi. 

LL yoxud AFGL 3068 – Yerdan 3 ming yorug‘lik yil masofasida joylashgan Pegas yulduzlar turkumidagi ikkilamchi yulduz tizimi. U 2010 yilda «Xabbl» rasadxonasida kashf qilingan.

Ikkilamchi yulduz to‘g‘ri spiral shaklidagi yangi paydo bo‘lgan sayyoraviy  tumanlik ichida joylashgan. LL tarkibiga qizil gigantga aylangan Quyoshning yirik eski analogi va hali yoqilg‘i zaxiralarini tugallanmagan nisbatan mayda yulduz kiradi. 

LL yulduzi qizil gigantga aylanish jarayonida kattalashdi va koinotga ma'lum bir miqdordagi materiyalarni chiqara boshladi. Undan yorug‘likni deyarli o‘tkazmaydigan gaz-chang pillasi shakllandi.

Ikkinchi yulduzning aylanishi hisobiga materiya spiralsimon shaklga kirgan. Mayda yulduzning kattasi atrofidagi har bir harakati yangi spiral aylanasini hosil qiladi. Aylanalar soni mazkur tizimning atigi 4 ming yil avval shakllanganligidan dalolat beradi. 

Nazariy jihatdan olib qaraganda, «Xabbl» suratlarida spiral paydo bo‘lishi kerak emasdi, chunki ikki yulduz atrofidagi chang va gaz yorug‘likni to‘sadi. Hoynahoy, galaktikaning fon yorug‘ligi obektni nur bilan  ta'minlagan - shu tufayli Somon yo‘li markaziga yaqin joylashgan spiralning o‘ng tomoni yaxshiroq ko‘ringan. 

Mavzuga oid
Top