12:00 / 13.12.2016
5052

Torontoda bir sutka ichida 500ga yaqin YTH qayd qilindi

Foto: EPA

Kanadaning Ontario provinsiyasida joylashgan Toronto va uning chetlaridagi yo‘llarda kuchli qor yog‘ishi sabab bir sutka ichida 500ga yaqin yo‘l transporti hodisasi kuzatildi. Bu haqda CTV telekanali xabar bermoqda.

Ontario politsiyasi vakili Kerri Shmidtning so‘zlariga ko‘ra avariyalarga asosiy sabab haydovchilar ob-havo sharoitini hisobga olishmagani bo‘lgan. “Boshqaruvdagi vahima va agressivlik YTHga olib kelmoqda”, - deb tushuntirgan politsiya xodimi. U jabrlanganlar haqida ma'lumot bermagan.

Milliy meteo byuroning ma'lumotlariga ko‘ra, 12 dekabr kuni Torontoda 20 sm. qalinlikda qor yoqqan. Shu sabab Pirson shahridagi xalqaro aeroportda yuzlab aviaparvozlar bekor qilingan yoki kechiktirilgan.

Kanadaning ayrim hududlarida kuchli qor yog‘ishi sabab favqulodda sovuq kuzatiladi. Milliy meteo byuro ma'lumot berishicha, Manitoba, Saskachevan va Albert provinsiyalarining shimoliy qismida bu kecha havo harorati Tselsiy bo‘yicha -50 darajagacha tushib ketishi mumkin.

 

Top