17:17 / 14.12.2016
4571

2016 yilning o‘tgan davri mobaynida 150ga yaqin jurnalist halok bo‘lgan

Foto: AP

2016 yil boshidan buyon dunyoning 31 mamlakatida 144 nafar jurnalist hayotdan ko‘z yumgan. So‘nggi o‘n yil mobaynida OAV xodimlari orasida bunchalik ko‘p qurbon berilmagan edi, deyiladi Press Emblem Campaign tashkilotining Jyenevada e'lon qilgan hisobotida. 

Turli mojarolar bo‘layotgan hududlarda jurnalistlar xavfsizligini ta'minlash borasida jahon hamjamiyatidan amaliy choralar ko‘rishni so‘rayotgan PEC nohukumat tashkilotining aniqlik kiritishicha, halok bo‘lgan jurnalistlarning 20 nafari braziliyaliklar bo‘lib, ular 29 noyabrda Kolumbiyada yuz bergan aviahalokat qurboni bo‘lishgan. 

Umuman, OAV uchun eng xavfli hududlar ro‘yxatiga Iroq yetakchilik qilmoqda. Bu yerda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 16 nafar matbuot xodimi halok bo‘lgan. Birinchi beshlikka - Suriya (14), Afg‘oniston (12), Meksika (12) va Yaman (9) kiritilgan. PEC ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya uch nafar, Ukrainada ikki nafar jurnalist o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtda halok bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, 2016 yilda jurnalistlik faoliyatini olib borish uchun eng xavfli mintaqalar sifatida Yaqin sharq va Shimoliy Afrika qayd etilgan. Bu hududda jami 44 jurnalist hayoti bilan vidolashgan. 2012 yildan buyon Suriya urushi 100 nafar jurnalist umriga zomin bo‘lgan, Iroqda so‘nggi besh yilda 55 nafar, Pokistonda - 50, Meksikada - 46, Somalida 41 jurnalist hayotdan ko‘z yumgan.

2004 yilda tashkil etilgan Press Emblem Campaign BMT huzurida tavsiya maqomiga ega. U davriy ravishda o‘z hisobotlarini Jyenevada e'lon qilib turadi. 

 

Top