O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida oldinda turgan vazifalar haqida gapirdi.
Aziz do‘stlar!
Ma'lumki, Konstitutsiyamizning 98-moddasiga muvofiq, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun javobgarlik Vazirlar Mahkamasi, hukumatning har bir a'zosi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.
Bu, birinchi navbatda, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan yuksak darajadagi shaxsiy mas'uliyatni, shuningdek, ularning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va to‘liq bajarishni talab etadi.
Shu munosabat bilan bir taklif kiritmoqchiman. Ya'ni, Oliy Majlis palatalarining 2015 yil 23 yanvardagi va joriy yilning 8 sentabrdagi qo‘shma majlislarida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining harakat dasturini yanada aniqlashtirib, hozirgi talablardan kelib chiqqan holda, unga qo‘shimchalar kiritish lozim. Bu – kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
Umid qilamanki, bugungi majlisimizning ikkinchi qismida Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatiladigan yangi nomzod ushbu dasturning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari to‘g‘risida axborot beradi.
Bu borada asosiy diqqat-eʼtiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Birinchidan, iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizni yanada mustahkamlashni ta'minlash.
Ikkinchidan, mamlakatimiz hududlarini, ya'ni shahar, tuman va mahallalarni, ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish.
Uchinchidan, aholining real daromadlarini, turmush darajasi va sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratish.
Hukumat va shaxsan uning yangi rahbariyati faoliyati samarasini biz aynan shu mezonlar asosida baholashimiz zarur.
Shu maqsadda yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunday o‘zgartirishlardan asosiy maqsad – to‘plangan tajriba asosida va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan keng ko‘lamli yangi vazifalarga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng optimal va samarali tizimini ishlab chiqishdan iborat.
Ana shu tizim markazida nafaqat iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini, balki, eng avvalo, hududlarni kompleks rivojlantirish va mamlakatimiz barcha fuqarolarining hayotiy manfaatlarini ta'minlashga va ularning daromadlarini ko‘paytirishga doir istiqboldagi muhim vazifalar turishi kerak.
















