00:07 / 16.12.2016
22201

2017 yilda uch inson DNKsidan yaratilgan birinchi bolaning dunyoga kelishi kutilmoqda

Foto: © AFP

Buyuk Britaniyadagi klinikalarga 3 EKU texnologiyasini qo‘llashga ruxsat berildi. Bunda ota va ona DNKsidan tashqari yana bir ayolning sog‘lom DNKsi va mitoxondriyalaridan foydalanish taklif qilinadi. Bu haqida Daily Sabah nashri xabar berdi

Britaniya parlamentariylari fevral oyida uch kishining DNKsidan sun'iy urug‘lantirish jarayonini amalga oshirish taklifini qo‘llab-quvvatlashgandi, biroq tibbiyot maskanlari bu usulni qo‘llashdan avval Urug‘lantirish va embriologiya tashkilotining roziligiga ega bo‘lishi kerak. 

Mazkur texnologiya mitoxondrial genlarida turli kasalliklarni keltirib chiquvchi mutatsiyalar bo‘lgan ayollarga sog‘lom farzand ko‘rish imkonini beradi. 

Ushbu jarayonda ota, ona va sog‘lom mitoxondriyali ayolning DNK materiali qo‘llaniladi. 

Texnologiya mualliflaridan birining ta'kidlashicha, bu – muolajadan foyda olishi mumkin bo‘lgan oilalar uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qaror. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch DNK texnologiyasi ekspertlar guruhining tavsiyasiga muvofiq, “favqulodda holatlarda” qo‘llaniladi. 

Shuni ta'kidlash joizki, uch inson DNKdan “yaratilgan” birinchi bola 2017 yilning oxirida dunyoga kelishi mumkin.

Statistikaga ko‘ra, har 4.3 ming boladan biri ko‘zi ojizlik, qandli diabet, yurak va jigar kasalliklariga olib keluvchi nuqsonli mitoxondriyalar bilan tug‘iladi. 

 

Top