08:27 / 17.12.2016
13171

Damashqda terakt amalga oshirgan bolaning yoshi ma'lum qilindi

Foto: AP

Damashqda politsiya bo‘limida portlashni sodir etgan bola 7-8 yoshli qizcha bo‘lgan, deb xabar bergan Damashq huquq-tartibot muassasalari.

"Taxminlarcha, qiz ustidagi portlovchi qurilma harakatga keltirilgan. Oqibatda qizcha halok bo‘lgan, bir politsiyachi jarohat olgan", deb aytilgan xabarda. 

Politsiyada ta'kidlanishicha, 7-8 yashar qizchani Damashqning Al-Midan tumanidagi politsiya bo‘limiga soat 16.20da noma'lum kimsa olib kelgan. Xabarda aytilishicha, qizcha politsiya bo‘limiga kelib, "ota-onasini yo‘qotib qo‘ygani va yo‘lni bilmasligini aytgan". "Shundan keyin uni tafsilotlarni o‘rnatish uchun bo‘limga olib kirishgan. U hojatxonaga bormoqchiligini aytgan va u yerda portlash yuz bergan", deyilmoqda xabarda.

TASS axborot agentligi muxbiriga ma'lum qilinishicha, qizcha nima yuz berishidan bexabar bo‘lgan, undagi portlovchi qurilma masofadan harakatga keltirilgan.

"Qizcha jasadi binoda yotibdi. Taxminlarcha, undagi portlovchi qurilma masofadan harakatga keltirilgan. Qizchadan foydalangan bo‘lishlari mumkin", deb aytildi xabarda.

Ushbu hodisa terakt sifatida tasniflangan.

Raqib ismli politsiya serjanti "ayni vaqtda politsiya xodimlari fojianing barcha tafsilotlarini aniqlashga qaratilgan bir qator tergov harakatlarini o‘tkazayotganlarini" aytgan. "Portlash oqibatida uzoq yildan beri huquq-tartibot muassasalarida xizmat qilayotgan politsiyachi jarohat oldi, qolgan jabrlanganlar yo‘q", deb aytgan politsiyachi.

Politsiya bo‘limidagi portlash uning 2-qavatida yuz bergan. Portlash oqibatida ichki xonalardan birining devori butkul vayron bo‘lgan. Hozirda politsiya bo‘limi atrofida  beton to‘siqlar qo‘yilgan.

 

Mavzuga oid
Top