23:43 / 17.12.2016
7247

Seulda prezident impichmentini talab qilib 300 ming kishi namoyishga chiqdi

Foto: Twitter .@newstapa

Seulda Konstitutsion sud yonida mamlakat prezidenti Pak Kin Xening hokimiyatdan chetlatilishi qarori tezroq qabul qilinishi talabi bilan 300 ming kishi ishtirokida namoyish o‘tdi. Bu haqda "Ryonxap" axborot agentligi xabar bermoqda.  

Prezidentga qarshi namoyishlar 8 haftadan beri minglab odamlarni yig‘moqda. Yoqilgan shamlarni ushlagan namoyish ishtirokchilari parlament tomonidan e'lon qilingan  prezident impichmenti Konstitutsion sud tomonidan tezroq tan olinishini talab qilishgan.

Bundan avvalroq esa prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa namoyish o‘tgan. Uning ishtirokchilari prezident impichmentini qabul qilgan parlamentning tarqatilib yuborilishini talab qilishgan.

Janubiy Koreya parlamenti 9 dekabrda prezidentning impichmenti uchun ovoz bergan. Shundan keyin Pak Kin Xe o‘z vakolatlarini bajarishni to‘xtatgan. Uning o‘rnini vaqtinchalik bosh vazir Xvan Gyo An egallagan. Prezidentning hokimiyatdan chetlatilishi Konstitutsion sud tomonidan ovoz berish natijalari tasdiqlangandan keyin yakunlanadi. Qonun bo‘yicha bunga 6 oy ajratiladi.

Bungacha Janubiy Koreyada prezident impichmenti tashabbusi bir martagina – mamlakatning marhum sobiq prezidenti No Mu Xyon davrida bildirilgan. 2004 yil martida mamlakat parlamenti prezidentning impichmenti uchun ovoz bergan, biroq shu yilning may oyida bu qaror mamlakat Konstitutsion sudi tomonidan bekor qilingan. Shu sababli Mu Xyon o‘z lavozimini 2008 yildagina tark etgan.

 

Top