20:03 / 18.12.2016
20832

Pentagonning ham yutuqlari bormi?

Foto: Reuters

AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter The National Interest nashrida dasturiy maqolani taqdim etdi. Unda yozilishicha, Pentagonning asosiy yutug‘i doimiy innovatsiyalarning tatbiq etilishidadir. Ertami-kechmi, ular AQSh qurolli kuchlariga ishonchli g‘alabani olib keluvchi salohiyatli qurolga aylanadi. 

Nazariy fizika fanlari doktori va AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter yangi saylangan prezident Donald Tramp inaguratsiyasidan keyin Barak Obamaning demokratik ma'muriyati bilan bir qatorda o‘z lavozimini tark etadi. U Pentagonni "besh burchakli bino tashqarisida ham o‘ylash"ga chaqirdi. 

"AQSh qurolli kuchlarining ustuvorligi ularga umrbod berilgan huquq emas. Bu huquq ustida hozirgi raqobatli davrda qayta-qayta ishlash kerak", - deya ta'kidladi Karter. 

Vazir Pentagonning o‘zi tomonidan harbiy idoraning umumiy saytiga uyushtirilgan xakerlik hujumlari borasidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, "hujum"larda ishtirok etgan o‘smir Devid Dvorkin "harbiy kiyimda yurmaydi, AQSh hukumatidan maosh olmaydi, biroq bu yil u Amerika qurolli kuchlarini yanada qudratli bo‘lishiga katta hissa qo‘shib, o‘z mamlakati xavfsizligini mustahkamladi". 

AQSh mudofaa vazirligi saytlarini tekshirish maqsadida amalga oshirilgan "hujum"da 1,4 mingga yaqin diplomli "oq xaker" (axborot tizimlaridagi kamchiliklarni topib, qonun doirasida pul ishlaydiganlar) qatnashgan. Hujumga start berilgan vaqtdan boshlab 13 daqiqa davomida AQSh mudofaa vaziri servislaridagi ilk kamchiliklar topildi. Kun oxiriga borib, ularning soni 138tani tashkil qildi. Dvorkin tomonidan aniqlangan kamchiliklar ham shular jumlasidandir. Xususiy kompaniyalar ham xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ana shunday choralarni qo‘llab turishadi. Dvorkinning ta'kidlashicha, u Netflix va Uber kompaniyalarida ham bir qator kamchiliklarni topib, ularni kompaniyalar rahbariyatiga yetkazgan. U odatda bunday xabarlarni muayyan mukofot puli evaziga bajaradi, lekin Pentagonga amalga oshirilgan xakerlik hujumi, o‘smirning so‘zlariga ko‘ra, vatanparvarlik va burch hissi tufayli ado etilgan.  

Karterning ma'lum qilishicha, BBC uchuvchisini tayyorlash AQShga umumiy hisobda 150 mingga tushadi. Harbiy idoraning kompyuterdagi zaifligini baholash va uning himoyasini to‘liq tekshirish uchun tashqaridan biror bir firmani jalb etish esa, undan-da qimmatga tushadi. 

"Biroq bu mudofaa vazirligining qobiliyatli shtat kibermutaxassislarini shu turdagi ishlardan xalos etib, o‘z e'tiborini undan-da muhim narsalarga qaratishga imkon beradi", - deb yozadi Karter. 

Eshton Karterning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon tomonidan tashkillashtirilgan xakerlik hujumlari natijasida AQSh harbiy idorasining eng murakkab texnologik muammolari yechimi Amerikaning har qanday fuqarosi tomonidan topilishi mumkin. 

"Men AQSh qurolli kuchlarining innovatsion madaniyati bilan faxrlanaman va mudofaa vaziri sifatida armiya, aviatsiya va flotda tatbiq etilgan yangiliklar bilan yaqindan tanishman. Mening mudofaa vaziri sifatidagi asosiy majburiyatlarimdan biri AQSh qurolli kuchlarining kelajak uchun innovatsiyalarini tatbiq etish: biz tezkor suratlarda o‘zgarib borayotgan dunyodan-da  ilgarilab ketdik, kuchli raqiblar orasida yetakchilikni saqlab keldik, eng takomillashgan texnologiyalarni qo‘lladik, yangi avlodlarning talab va didlarini anglab, ularni mamlakatimizga jalb qildik", - deb yozadi Karter. 

Karterning so‘zlariga ko‘ra, "piyoda harakatlanuvchi inson hech qachon yugurish bo‘yicha musobaqada g‘olib bo‘lmaydi".

Eshton Karterning fikricha, Amerika uchun 5 asosiy xavf mavjud bo‘lib, ularning eng asosiysi Rossiya agressiyasi tahdididir.

Ikkinchi o‘rinda - Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tarixiy o‘zgarishlarni nazorat qilish zarurati. Uning fikricha, bu "Amerika kelajagi uchun favqulodda muhim hudud" hisoblanadi. 

Uchinchi pog‘onada - Shimoliy Koreya tomonidan yadroviy va raketa hujumlari tahdidi.

To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda - Fors ko‘rfazida Eronning "salbiy ta'siri", Iroq va Suriyadagi IShIDga qarshi urushlar, shuningdek AQSh ittifoqdoshlarining Yaqin Sharqdagi muhofazasi. 

AQSh mudofaa vazirining ta'kidlashicha, global muammolarni yechishdagi eng asosiy omillardan biri - texnologiyalar.

Karterning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda AQShning ilg‘or texnologiyalar borasida katta muvaffaqiyatlarga erishishiga qaramay, ularning ham zaif tomonlari mavjud  va raqiblar aynan shundan o‘z maqsadlarida foydalanishga urinishadi. 

"So‘nggi yillarda Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlar Qo‘shma Shtatlar bilan texnologik farqni yengib o‘tishga harakat qilishmoqda", - deb hisoblaydi Karter. 

Amerika dengiz labaratoriyalari bugungi kunda avtonom boshqariluvchi suv osti qurilmalarini ishlab chiqarmoqda. Karterning fikricha, bu juda muhim, zero "suv osti urushida ustunlik Amerika tomonda bo‘lishi kerak". 

AQShning quruqlikdagi qurolli kuchlari bugungi kunda artilleriya snaryadlari va boshqariluvchi raketalar himoyasi bilan bog‘liq muammolar ustida ishlamoqda. Bu kelajakda ballistik trayektoriyadagi maqsadli kurashlarni "arzonlashtirish"i mumkin. 

Harbiy havo kuchlari labaratoriyalari sun'iy intellekt sohasida inson miyasiga monand qurilmaviy vositalar, dasturiy ta'minot va tizimlarga doir tadqiqotlarni olib borishmoqda.

Bunday texnologiyalar AQShning havo, koinot va kiberkenglikdagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga yordam berardi. 

Eshton Karter bundan buyon ham so‘nggi vaqtlarda amalga oshirilgan uzoq muddatli investitsiyalarni keraklicha himoya qilishga chaqirdi, zero shundagina ular ko‘zlangan natijalarni berishi ta'kidlandi. 


 

Top