Jahon | 10:58 / 20.12.2016
9763
2 daqiqa o‘qiladi

Berlinda yuk mashinasi odamlar ustiga qasddan haydab borilgani tasdiqlandi

Germaniya politsiyasi Berlindagi bayram yarmarkasi vaqtida yuk mashinasi Rojdestvo bayramiga chiqqan kishilar ustiga qasddan bostirib borganini tasdiqladi.

"Bizning kuzatuvlarimiz ushbu yuk mashinasi avvaldan tuzilgan reja bo‘yicha Breitscheidplatz bayram yarmarkasiga chiqqan odamlar ustiga yurganini tasdiqladi", deyilgan politsiya ma'lumotida.

Politsiyadagilar ushbu hodisadan keyin shaharda xavfsizlikni ta'minlash choralari kuchaytirilganini bildirgan.

Dushanba oqshomida noma'lum shaxs yuk mashinasini Berlin markazida to‘plangan odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lib, 48 kishi turli darajada tan jarohatlari oldi.

Haydovchi yashirinishga urindi, biroq qo‘lga olindi. Kabinada bo‘lgan ikkinchi kishi jonsiz holda topilgan.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs Afg‘oniston yoki Pokistonda tug‘ilib-o‘sgan. U avval ham uncha og‘ir bo‘lmagan jinoiy ishlar sodir etgani uchun huquq-tartibot idoralari nigohiga tushgani bildirilgan. Kabinadagi ikkinchi kishi polshalik bo‘lgan.

Polska Wyborcza nashri xabariga ko‘ra, yuk mashinasi Polshaning logistik kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. 

Yuk mashinasi Polshada o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin. Uning haydovchisi 18 dekabr kuni soat 16:00dan keyin aloqaga chiqmagandi.

Germaniya ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer yuz bergan hodisa terakt ekanligini ko‘rsatuvchi omillar ko‘p ekanligini ta'kidladi.

Mavzuga oid