Jahon | 07:33 / 20.12.2016
28223
2 daqiqa o‘qiladi

Berlinda yuk mashinasi qo‘llangan holda terakt sodir etildi

Foto: Reuters

19 dekabr kechki payt Berlinda Nitstsada yozda sodir etilgan teraktga o‘xshash hujum sodir etildi. Polsha avtomobil raqamiga ega bo‘lgan, metall ortilgan yuk mashinasi haydovchisi shahar markazidagi Kurfyurstendamm ko‘chasida Rojdestvo yarmarkasiga yig‘ilgan odamlar ustiga haydab, ularni ataylab bosib ketgan. Haydovchi ko‘cha bo‘ylab 50 metrcha yurib o‘tgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, 48 kishi shifoxonaga yetkazilgan. Haydovchi qo‘lga olinganda, u umuman yevropalik emasligi aniqlangan. Politsiyaning fikricha, u afg‘on yoki pokistonlik bo‘lishi mumkin. Aniqlanishicha, u mashinani o‘g‘irlab ketgan. 

Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi. 

Nitstsada yuk mashinasidan foydalanib amalga oshirilgan terakt 2016 yil 14 iyulda kechki payt Ingliz sohilbo‘yida sodir etilgandi. 31 yoshli tunislik Muhammad Lauej-Bulel 19 tonnalik yuk mashinasida Fransiya milliy bayrami – Bastiliyaning olinishi kuni sharafiga uyushtirilgan salyutni kuzatayotgan olomonni ataylab bosib ketgan. Hujum oqibatida 86 kishi halok bo‘lgan, 308 kishi yaralangan. Terrorchi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgandi.  

 

 

Mavzuga oid