Jahon | 11:14 / 20.12.2016
29102
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: Elchining o‘ldirilishi Rossiya va Turkiya aloqalariga zarar keltirish yo‘lidagi hiyla

© RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RFning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov Anqarada otib o‘ldirilgani Rossiya va Turkiyaning Suriyada tinchlik o‘rnatish uchun olib borayotgan harakatlariga zarar keltirish maqsadida amalga oshirilgani haqida gapirdi.

U o‘z elchisi o‘ldirilishiga javoban Rossiya terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishini ma'lum qilgan.

"Bunga faqat bir yo‘l bilan javob qaytarish mumkin — terrorga qarshi kurashni kuchaytirish. Banditlar buni o‘z tanalarida his etishadi", — deya qo‘shimcha qilgan rossiyaliklar prezidenti.

Rossiya prezidenti marhum elchining yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Ushbu voqeadan keyin Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Unda Turkiya rahbari bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilayotganini xabar qildi.

O‘z navbatida, Putin ushbu mamlakatdagi Rossiya diplomatik vakolatxonasi xavfsizligini ta'minlashni so‘radi.

Andrey Karlovga fotoko‘rgazma ochilishi vaqtida hujum qilindi. Politsiya tomonidan yo‘q qilingan qotil muqaddam Anqara politsiyasida xizmat qilgan va 2,5 yillik xizmatdan keyin shu yil kuzida ishdan bo‘shatib yuborilgan Mavlud Mard Oltintosh ekani aniqlangan. Uning onasi va ikki opasi tergov qilinmoqda.

Mavzuga oid